Dunyoda sharq yakkakurashi afsonasi darajasiga ko‘tarilganlar ko‘p emas. Bryus Li, Chak Norris, Jan-Klod Van Dam va yana boshqa o‘nlab yakka kurash ustalari o‘z davrining haqiqiy qahramonlari bo‘lgan.
To‘g‘ri, ularning ko‘pchiligini biz kinofilmlar orqali taniganmiz. Bugun ham oramizda ana shunday haqiqiy jang san’ati ustalari bor.
Sharq yakkakurashiga qiziqadigan odamlar orasida Eduard Li nomi ma’lum va mashhur.
Hamyurtimiz, zamondoshimiz O‘zbekiston yakkakurash va jang san’atlarini rivojlantirish markazi bosh kotibi Eduard Li – karate bo‘yicha xalqaro toifadagi sportchi, xapkido sport turi bo‘yicha 8 DAN grand – master, taekvondo bo‘yicha 9 DAN sohibi darajasiga erishgan.
Eduard Li – Koreya xapkido federatsiyasi vitse-prezidenti sanaladi. E’tiborli jihati, bugungacha bironta chet ellik ushbu tashkilot boshqaruv organi rahbarlaridan biri bo‘lmagani, hamyurtimiz esa mazkur vazifaga saylangan yagona xorijlik mutaxassis ekanini nazarda tutsak, uning yakka kurashlar olamidagi nufuzi ne chog‘li baland ekanligi anglashiladi.
Koreya xapkido federatsiyasining MDH mamlakatlaridagi rasmiy vakili sanalgan E.Li bugungi kunda dunyo bo‘ylab tashkil etilayotgan xapkido bo‘yicha tadbirlarni o‘tkazishga bosh – qosh bo‘lib kelmoqda.
Tibbiyot fanlari nomzodi Eduard Li jahon yakkakurashlari olamida eng yaxshi xapkido va taekvondo ITF ustalaridan biri hisoblanadi.
Yutuqlar, g‘alabalar o‘z – o‘zidan qo‘lga kiritilmaydi. Muvaffaqiyatlar ortida tinimsiz izlanish, mashaqqatli mehnat mujassam.
Zamondoshlarimiz orasida Eduard Li singari tashabbuskor, o‘z sohasini chuqur tushunadigan, yoshlarni sport mashg‘ulotlariga keng jalb etishda jonbozlik ko‘rsatayotgan shunday fidoyi insonlar tufayli O‘zbekiston sportchilari yangi marralarni zabt etmoqda.
T. Ro‘ziyev, O‘zA