Joriy yilning 1-3 sentyabr kunlari Fransiya poytaxti Parij shahrida taekvondo WT bo‘yicha Gran-pri musobaqasi bo‘lib o‘tdi. Unda sportchilarimiz muvaffaqiyatli ishtirok etdi.
Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida taekvondo bo‘yicha terma jamoamiz a’zolarini davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, sportchilar, jurnalistlar tantanali kutib oldi.
Parij Gran-prisida Ulug‘bek Rashitov 68 kilogrammgacha vazn toifasida mamlakatimiz sharafini munosib himoya qildi. U Gran-prining 1/16 final bosqichida gabonlik Amir Sisse Mussani, nimchorak finalda chililik Ignasio Moralesni, chorak finalda xitoylik Yushuai Liangni, yarim finalda esa xorvatiyalik Marko Golubichni katta ustunlik bilan mag‘lubiyatga uchratib, final bosqichiga yo‘l oldi.
Turnirning hal qiluvchi final bosqichida U.Rashitov braziliyalik Edival Pontesga qarshi dayanga chiqib, raqibi ustidan hech qanday qiyinchiliksiz g‘alaba qozondi. Ushbu g‘alaba taekvondochimiz uchun oltin medal bilan birga “Parij – 2024” Olimpiadasi 60 reyting ochkosini ham taqdim qildi.
Shuni ta’kidlash lozimki, Ulug‘bek Rashitov ushbu natijasi orqali ketma-ket ikki Gran – pri turnirida g‘alaba qozongan ilk o‘zbek taekvondochisiga aylandi.
Darhaqiqat keskin va murosasiz bellashuvlarda zafar quchgan sportchimizning mardligi, jasorati, shijoatu matonati dunyo ahlini lol qoldirdi. Zero, Ulug‘bekning bunday yuksak muvaffaqiyati mamlakatimiz mustaqilligi, o‘sib kelayotgan yosh avlodning har tomonlama sog‘lom va barkamol insonlar bo‘lib voyaga yetishi uchun yaratilayotgan keng imkoniyatlar tufaylidir.
– Gran-pri musobaqasida oltin medalni qo‘lga kiritib, Vatanimizga yorug‘ yuz bilan qaytib kelganimdan baxtiyorman, – deydi Ulug‘bek Rashitov. – Jismoniy tarbiya va sport bilan shug‘ullanishimizga yetarlicha e’tibor qaratilmoqda. Xalqaro maydonlarda yuksak g‘alabalarga erishishimiz shunday e’tibor samarasidir.
Kutib olish marosimida O‘zbekiston taekvondo WT assotsiatsiyasi bosh kotibi Murodjon Mamadaliyev sportchimizni erishgan natijasi bilan qutladi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA muxbiri