Ma’lumki, joriy yilning 10 noyabr-2 dekabr kunlari dunyo futbol ishqibozlarining e’tibori Indoneziyada 17 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar o‘rtasida o‘tkaziladigan jahon chempionatiga qaratiladi.
Dunyoning 24 ta mamlakat terma jamoasi qatori ushbu nufuzli chempionatda ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritgan O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari ham ayni kunlarda musobaqaga qizg‘in hozirlik ko‘rmoqda.
O‘zbekiston U-17 terma jamoasi 4-14 sentyabr kunlari Turkiyada yig‘in o‘tkazgan holda Marokash terma jamoasiga qarshi o‘rtoqlik o‘yinida maydonga tushadi.
Kuni kecha Turkiyada o‘tadigan o‘quv-mashg‘ulot yig‘iniga jo‘nab ketish oldidan O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi rahbariyati O‘zbekiston U-17 terma jamoasi a’zolari bilan uchrashdi.
Muloqot davomida Jahon chempionatining mas’uliyati haqida fikr yuritildi. Har bir futbolchi professionallik, vatanparvarlik, intilish va mehnatsevarlikni o‘zida mujassam qilgan holda maydonga tushishi kerakligi ta’kidlandi.
O‘FA rahbariyati murabbiylar shtabi bilan jamoaning ayni paytdagi holati va tayyorgarlik jarayoni haqida suhbatlashdi. Tibbiy shtabga futbolchilarning sog‘lig‘i, tiklanishi jarayoniga jiddiy e’tibor qaratish, yuqori darajada tibbiy yordam ko‘rsatish amaliyotini davom ettirish borasida takliflar bildirildi.
Aytish lozim, Jamoliddin Rahmatullayev bosh murabbiyligidagi O‘zbekiston o‘smirlar terma jamoasi Turkiyada o‘tadigan navbatdagi o‘quv-mashg‘ulot yig‘ini davomida 8 va 11 sentyabr kunlari Marokash U-17 termasi bilan o‘rtoqlik o‘yinida maydonga tushadi.
Eslatib o‘tamiz, jahon chempionatiga qur’a tashlash marosimi joriy yilning 15 sentyabr kuni Shveysariyaning Syurix shahrida tashkil etiladi. Jamoalar 4 ta savatchaga bo‘lingan holda o‘z guruhlariga taqsimlanadi. O‘zbekiston terma jamoasi Yangi Zelandiya, Eron, Senegal, AQSH, Marokash terma jamoalari bilan birga 3-savatchadan joy olgan.
Shuningdek, 1-savatchadan Iordaniya, Braziliya, Meksika, Fransiya, Ispaniya, Yaponiya , 2-savatchadan Germaniya, Mali, Angliya, Janubiy Koreya, Argentina, Ekvador, 4-savatchadan Kanada, Yangi Kaledoniya, Burkina-Faso, Panama, Polsha, Venesuela terma jamoalari o‘rin egallashgan.
To‘lqin Ro‘ziyev,
O‘zA