Bundan 29 yil muqaddam, ya’ni 1994 yil 4 sentyabr kuni Xalqaro Olimpiya qo‘mitasi Parij shahrida o‘tgan sessiyasida taekvondo WT sport turining rasman Olimpiadaga qabul qilinganini e’lon qilgan.
2000 yil Avstraliyaning Sidney shahrida o‘tgan Olimpiya o‘yinlarida ilk bor taekvondo bahslari o‘tkazildi.
2006 yil Vetnam poytaxti Xoshimin shahrida Bosh Assambleya tomonidan 4 sentyabr sanasi “Butunjahon taekvondo kuni”, deb e’lon qilindi.
Shundan beri dunyo bo‘ylab bu sana bayram sifatida nishonlab kelinadi. Shu munosabat bilan poytaxtimizdagi “Unversal” sport majmuasida festival o‘tkazish rejalashtirilgan.
Olimpiya o‘yinlari dasturidan joy olgan mazkur sport turi yoshlarimiz orasida jadal ommalashmoqda. Muhimi, yoshlar orasida bu sohada yuksak marralarni zabt etayotgan sportchilar kamol topmoqda.
Hozirgi kunda Jasur Boyqo‘ziyev, aka-uka Maksim va Nikita Rafaelovich, Dimitriy Shokin, Shuhrat Salayev, Jasurbek Jaysunov, Ulug‘bek Rashitov, Svetlana Osipova hamda Feruza Sodiqova, Nigora Tursunqulova kabi Olimpiya va Osiyo o‘yinlari, jahon hamda qit’a chempionlari bor. Ularga havas qilgan holda mazkur sport turi bilan muntazam shug‘ullanayotganlar soni 20 mingga yaqinlashdi.
Keyingi yillarda taekvondo WT sport turi bo‘yicha erishilayotgan yutuqlar soni ortib, yangidan – yangi marralar zabt etilmoqda. Bunga misol qilib 2021 yili Tokioda o‘tgan Olimpiya o‘yinlarida Ulug‘bek Rashitovning oltin medalni qo‘lga kiritgani va mamlakatimiz taekvondo tarixida yangi sahifa ochgani keltirish mumkin.
Shuningdek, U.Rashitov kuni kecha Parij shahrida o‘tkazilgan Gran-pri musobaqasida g‘alaba qozonib, ketma-ket ikki bor turnir chempioniga aylangan ilk o‘zbek taekvondochisi bo‘ldi.
Shu bilan birga, yurtimizdda xotin-qizlarning sport bilan shug‘ullanishlari uchun keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilayotgani natijasida 2022 yil Svetlana Osipova Jahon chempionatida oltin medalni qo‘lga kiritib, ilk o‘zbekistonlik ayol taekvondochiga aylangan.
Bundan tashqari, bir necha kun avval Bosniya va Gersegovina poytaxti Sarayevo shahrida kadetlar o‘rtasida o‘tgan jahon chempionatida O‘zbekiston terma jamoasi a’zosi Islombek Akchurin (-152 sm) va Ahadjon Muxtorov (-180 sm) musobaqa davomida barcha raqiblarini yengib, shohsupaning eng yuqori pog‘onasiga ko‘tarildi.
Bu yutuqlar zamirida yurtimizda sportga qaratilayotgan e’tibor, O‘zbekiston taekvondo assotsiatsiyasi tomonidan olib borilayotgan tizimli va aniq reja asosida olib borilayotgan samarali ishlar mujassam. Umid qilamizki, o‘zbek taekvondochilari yutuqlari bardavom bo‘ladi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA