Nukusda ham O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 32 yilligiga bag‘ishlangan “Yangi Nafas” ommaviy yugurish musobaqasi bo‘lib o‘tdi.

“Bir vatanda, bir vaqtda, bir masofaga, bir maqsadda – birga yuguramiz!” yagona shiori ostida tashkil etilgan tadbirning ochilish marosimida so‘zga chiqqan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi F.Ermanov barcha yoshdagi professional sportchilarni, sog‘lom turmush tarzi ixlosmandlarini bayram bilan tabrikladi va sport musobaqasiga start berdi.

Ta’kidlanganidek, ushbu ijtimoiy harakat aholi salomatligini mustahkamlash, sog‘lom turmush tarzini rag‘batlantirishga qaratilgan. Musobaqada 4 ming 500 nafardan ziyod ishtirokchi belgilangan 3 kilometrlik masofani bosib o‘tdi.

O‘g‘il bolalar o‘rtasida Rashid Iskandarov birinchi, Yesengeldi Tleuimbetov ikkinchi, Diyorbek Shamuratov uchinchi, qizlar o‘rtasida Anastasiya Sologub birinchi, Madina Orinbayeva  ikkinchi, Dinara Ozodova uchinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi. Shuningdek, imkoniyati cheklangan ishtirokchilar orasida Sardor Ro‘zimov, Aynura Tursinbayeva finishga birinchi bo‘lib keldi.

Musobaqada g‘olib va faol ishtirokchilar tashkilotchilar tomonidan qimmatbaho sovrinlar bilan taqdirlandi.

Loyiha doirasida xayriya ommaviy yugurish musobaqalari, sport tadbirlari, bayram dasturlari, turli ko‘ngilochar tadbirlar tashkil etildi.

Dovud ABIBULLAEV,

Maqsad HABIBULLAEV (surat), O‘zA