Davlatimiz mustaqilligining o‘ttiz ikki yillik bayrami keng nishonlanmoqda. Ushbu ulug‘ bayram munosabati bilan joylarda “Yangi hayot uchun, Yangi O‘zbekiston uchun!” shiori ostida targ‘ibot tadbirlari, ma’naviy-ma’rifiy uchrashuvlar tashkil etilmoqda.

E’tiborlisi, istiqlolimizning 32 yilligi oldidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari bilan ko‘plab yurtdoshlarimiz, turli soha vakillari, davlat xizmatchilari faxriy unvonlar, qator davlat mukofotlari bilan taqdirlandi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasida davlat mukofotlari bilan taqdirlangan bir guruh faollarga mukofotlarni topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Tantanali tadbirda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri N.Ismoilov yig‘ilganlarni ulug‘ ayyom bilan qutlab, joriy yilda mamlakatimiz hayotida muhim siyosiy voqealar — umumxalq referendumi o‘tkazilgani, unda umumxalq ovozi bilan yangi Konstitutsiyamiz qabul qilingani, Prezident saylovi o‘tkazilgani, barcha sohada qator islohotlar izchil davom ettirilayotganini alohida qayd etdi. “Yangi hayot uchun, Yangi O‘zbekiston uchun!” shiori ostida istiqlol shodiyonalari o‘tkazilayotgan ayni damda turli soha vakillari davlat mukofotlariga sazovor bo‘lgani va ilk marta parlament binosida ularning bir guruhiga mukofotlarni topshirish marosimi o‘tkazilayotganini ta’kidladi.

Shundan so‘ng Vatanimiz mustaqilligini mustahkamlash, Yangi O‘zbekistonni barpo etish yo‘lida amalga oshirilayotgan islohotlarga qo‘shgan munosib hissasi, o‘zining yorqin iste’dodi, keng qamrovli ijodiy, ilmiy-amaliy, texnikaviy faoliyati bilan mamlakatimiz rivojiga hissa qo‘shgan bir guruh yurtdoshlarimizga mukofotlar tantanali ravishda topshirildi.

Tadbirda so‘zga chiqqanlar mustaqillik ayyomi arafasida yuksak davlat mukofotlari bilan taqdirlanganidan mamnunligini izhor qilib, o‘z fikrlarini bildirdi.

— Vatanimiz mustaqilligining 32 yillik tantanalari oldidan Prezidentimiz farmoni bilan “Mehnat shuhrati” ordeni bilan taqdirlanganimdan juda faxrlandim, — dedi O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining Tarix instituti bosh ilmiy xodimi, tarix fanlari doktori, professor Qahramon Rajabov. — 40 yildan buyon tarix sohasida faoliyat olib boraman. O‘zbekistonning uzoq yillik tarixini o‘rganish, tadqiq etish va xalqimizga yetkazish zimmamizdagi muhim vazifalardandir. Bu borada institutimiz bilan faoliyat olib borar ekanmiz, ushbu mukofotni butun institutimizga berilgan rag‘bat deb bilaman.

Shuningdek, marosimda deputatlar, san’atkorlar, yosh shoir va ijodkorlar so‘zga chiqib, o‘z dil izhorlarini bildirdilar, Vatan madhi kuylangan she’rlari bilan davraga fayz kiritdilar.

Muhtarama Komilova, Davron Ernazarov (surat), O‘zA