Dunyoda kompleks sport musobaqalari o‘tkazishda Xitoy yetakchi davlatlardan biri hisoblanadi. Mamlakat poytaxti Pekin ham yozgi, ham qishki Olimpiya o‘yinlarini qabul qilgan dunyodagi yagona shahar maqomiga ega. Osiyo o‘yinlari va Universiada kabi kompleks musobaqalar bir necha marta ushbu yurtning turli mintaqalarida tashkil etilganligi mamlakat sport infratuzilmasi jadal rivoj topayotganligini anglatadi.
Shu jihatdan, Xitoy tajribasini o‘rganish foydadan holi bo‘lmasligi nazarda tutilgan holda “Toshkent – 2025” yoshlar Osiyo o‘yinlari uchun “Olimpiya shaharchasi”ni barpo etish loyihasi doirasida O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi, Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi, “Yagona buyurtmachi xizmati” injiniring kompaniyasi mutaxassislaridan iborat yurtimiz sport delegatsiyasi ushbu mamlakatga tashrif buyurdi.
Ishchi guruh 2022 yilgi qishki Olimpiya o‘yinlari uchun barpo etilgan “Pekin Milliy konkida yugurish markazi”da bo‘ldi. Uning keng imkoniyatlarini o‘rgandi. Xitoylik sport mutaxassislari bilan suhbatlashdi.
Yurtimiz mutaxassislari “Toshkent – 2025” yoshlar Osiyo o‘yinlarining qurilishi uchun mas’ul bo‘lgan “China CAMC Engineering” kompaniyasi bosh direktori Li Xaysin bilan poytaxtimizda qurilayotgan “Olimpiya shaharchasi”da olib borilayotgan ishlar xususida fikrlashdi.
Tashrif doirasida mamlakatimiz vakillari CNSG (China National Sports Group) kompaniyasi mutasaddilari bilan adminstrativ va tashkiliy yo‘nalish bo‘yicha hamkorlikning yangi qirralari borasida maslahatlashildi. Kelgusi rejalarni belgilab olishdi.
T.Ro‘ziyev. O‘zA