Besh kundan so‘ng Saudiya Arabistonining Ar-Riyod shahrida og‘ir atletika bo‘yicha “Parij-2024” Olimpiya o‘yinlari reyting ochkolarini taqdim etadigan Jahon chempionati bahslari boshlanadi.
4 sentyabrdan start oladigan Jahon chempionati haqida Xalqaro og‘ir atletika federatsiyasi ayrim ma’lumotlarni e’lon qildi.
Unga ko‘ra, dunyo og‘ir atletikachilari uchun 2023 yilning eng muhim musobaqasi bo‘lgan ushbu chempionatda jahon chempionlari qatori jahon rekordchilari va Olimpiya o‘yinlari sovrindorlari chempionat supachasiga chiqish uchun talabnomalarda qayd etilgan.
Xo‘sh, ushbu nufuzli musobaqada yurtimiz sportchilaridan kimlar Vatanimiz sharafini himoya qiladi?
4-17 sentyabr kunlari Saudiya Arabistonining Ar-Riyod shahrida og‘ir atletika bo‘yicha o‘tadigan jahon chempionatida O‘zbekiston terma jamoasi murabbiylar kengashi qaroriga binoan 13 nafar og‘ir atletikachilarimiz “Parij-2024” Olimpiya o‘yinlari reyting ochkolari hamda chempionlik uchun o‘z vaznlarida kurash olib boradi.
O‘zbekiston terma jamoasi bosh murabbiyi Bahrom Mendiboyev e’lon qilgan ro‘yxatga ko‘ra, erkaklar o‘rtasida 61 kilogrammda Adhamjon Ergashev, 67 kilogrammda Doston Yoqubov, 81 kilogrammda Muhammadqodir Toshtemirov, 89 kilogrammda Sarvarbek Zafarjonov, 96 kilogrammda Sunnatilla O‘sarov, 102 kilogrammda Sharofiddin Amriddinov, 109 kilogrammda Ruslan Nuruddinov, 109 kilogrammda Akbar Jo‘rayev va +109 kilogrammda Rustam Jangaboyev qatnashadi. Ayollar o‘rtasida esa 55 kilogrammda Jamila Panfilova, 64 kilogrammda Shahloxon Abdullayeva, 87 kilogrammda Regina Adashbayeva va +87 kilogrammda Tursunoy Jabborova bahslarda ishtirok etishi belgilangan.
Ayni kunlarda Chirchiq shahrida jahon chempionati oldidan so‘nggi o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarini o‘tkazayotgan terma jamoamiz a’zolarining birinchi tarkibi 5 sentyabr kuni, ikkinchi tarkib 11 sentyabr kuni Ar-Riyod shahriga jo‘nab ketadi. Jahon chempionatida terma jamoamiz a’zolaridan birinchi bo‘lib Adhamjon Ergashev bahslarga kirishadi. U 6 sentyabr kungi musobaqalarda qatnashadi.
Xalqaro og‘ir atletika federatsiyasi ma’lumotiga ko‘ra, jismoniy tayyorgarlik bilan bog‘liq muammolarga duch kelgan ikki nafar Olimpiya o‘yinlari chempioni, bir nechta jahon rekordchilari xitoylik Shi Chjiyong va Xitoy Taypeyi vakili Kuo Xsing-Chun jahon chempionatidagi ishtirokini “S” guruhida olib borishadi.
Hindistonlik Mirabai Chanu, bahraynlik Lesman Paredes va bolgariyalik Karlos Nasar uch nafar jahon rekordchilari bo‘lib, ular bir qator xalqaro musobaqalarga kechikishlardan keyin Ar-Riyoddagi yakuniy sinovda birinchi marta qo‘llanilgan vaznni ko‘tarmaslik variantini qayd etdi.
64 kg vazn toifasida Tokio Olimpiadasi chempioni kanadalik Maud Charron, shuningdek, 71 kg vaznda jahon va Yevropa chempioni ruminiyalik Loredana Toma, shuningdek, Yevropa chempioni bo‘lgan bolgariyalik Anxel Rusev va fransiyalik Mari Feg jahon chempionati bahslarida qatnashmasdan faqat vazn toifasidan o‘tishni tanladi.
Aytish lozim, agar ushbu sportchilarga reytingning eng muhim 10 taligiga kirish uchun katta natijalar kerak bo‘lsa, ular kelajakdagi Olimpiya saralash musobaqalarida – dekabr oyida Qatarda o‘tadigan IWF Gran-prisi, fevralda bo‘lib o‘tadigan keyingi yilgi qit’a chempionatlari va IWF Jahon chempionatida yanada yaxshi jismoniy tayyorgarlikka ega bo‘lishlarini kutishlari mumkin.
Saudiya Arabistoni ilk bor mezbonlik qilayotgan jahon chempionati Olimpiya o‘yinlariga da’vogar bo‘lgan barcha sportchilar uchun vazn o‘tkazish va antidoping testlarini topshirish shart bo‘lgan ikkita majburiy musobaqadan biri sanaladi.
Qozog‘iston terma jamoasining 12 nafar sportchisi ishtirokchilar ro‘yxatidan o‘tgan bo‘lsa-da, ularning hech biri doping tufayli Olimpiada o‘yinlarining “A” vazn toifasida ishtirok eta olmaydi.
Xitoy terma jamoasi chempionatga 18 nafar sportchini, jumladan beshta ayollar olimpiya toifasi yetakchilari Jiang Huixua, Luo Shifang, Liao Guifang, Liang Xiaomei va Li Venvenni kiritgan.
Ketma-ket oltinchi marta jahon chempioni bo‘lishni maqsad qilgan gruziyalik Lasha Talaxadze 17 sentabr kuni bo‘lib o‘tadigan so‘nggi og‘ir vazn toifasida elita guruhida hamyurtimiz Rustam Jangaboyev bilan kurash olib borishini nazarda tutsak, katta tanaffusdan keyin yana jahon sport maydonida ko‘rinish bergan hamyurtimiz uchun “Parij-2024” Olimpiadasi yo‘lida ushbu jahon chempionati eng katta sinov bahsi bo‘lishi shubhasiz.
IWF xabariga ko‘ra, bugungacha jahon chempionatida ishtirok etish talabnomalarini taqdim etganlar soni 894 nafarni tashkil etmoqda. Ammo bu ro‘yxat qisqarish hisobiga o‘zgarishi ehtimoldan yiroq emas.
To‘lqin Ro‘ziyev,
O‘zA