O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 32 yilligi oldidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi To‘rtko‘l tumani bolalar-o‘smirlar sport maktabida nuroniylar o‘rtasida sport musobaqalari bo‘lib o‘tdi.

Prezidentimizning 2023 yil 11 martdagi “Keksa avlod vakillarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash hamda ularning ijtimoiy faolligini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” gi qaroridan kelib chiqqan holda mahallalarda nuroniylar o‘rtasida sport turlarini rivojlantirish va ommalashtirish, ular orasida sog‘lom turmush tarzini shakllantirish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.

“Nuroniy” jamg‘armasi hamda “Mahalla” xayriya jamoat fondi tuman bo‘limlari tomonidan, tuman bolalar-o‘smirlar sport maktabi bilan hamkorlikda tashkil etilgan musobaqani o‘tkazishdan maqsad nuroniylarni sport bilan muntazam shug‘ullanishga jalb qilish, ularning ibratli hayot yo‘lini yoshlarga o‘rnak qilib ko‘rsatishdan iborat.

“Mahallamiz sportchi nuroniylari” shiori ostida tashkil etilgan tadbir ishtirokchilari piyoda yurish, shaxmat-shashka, stol tennisi bo‘yicha bahslashdi.

G‘olib nuroniylar “Nuroniy” jamg‘armasi To‘rtko‘l tumani bo‘limining faxriy yorliq hamda “Mahalla” xayriya jamoat fondi To‘rtko‘l tumani bo‘limining esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.

Dovud ABIBULLAEV, O‘zA muxbiri