Yoshlar ishlari agentligi binosida Vatanimiz mustaqilligining 32 yilligiga bag‘ishlab tashkil etilgan “Eng ulug‘, eng aziz” tanlovining respublika bosqichi g‘oliblarini taqdirlashga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.
Mazkur ijodiy loyiha Prezidentimizning 2023 yil 27 iyulda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining o‘ttiz ikki yillik bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida”gi qarori hamda Vazirlar Mahkamasining tegishli bayoni ijrosi doirasida “Yangi hayot uchun, Yangi O‘zbekiston uchun!” bosh g‘oyasi asosida o‘tkazildi.
Tanlov O‘zbekiston Jurnalistlari uyushmasi, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, Yozuvchilar uyushmasi, Kinematografiya agentligi, O‘zbekiston Milliy media birlashmasi, Respublika “Tasviriy oyina” ijodiy uyushmasi, Badiiy akademiya, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi – O‘zA, O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi hamkorligida tashkil etildi.
O‘zbekiston Jurnalistlari uyushmasi raisi vazifasini bajaruvchi Xolmurod Salimov, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari Dilshod Saidjonov, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi bosh direktori Abdusaid Ko‘chimov, Yozuvchilar uyushmasi raisining o‘rinbosari G‘ayrat Majid va boshqalar bu kabi ijodiy tanlovlar ijodkorlarni yanada mas’uliyat bilan ishlashga, izlanishga undashini ta’kidladi.
Bu yilgi tanlovda ijodiy ishlar 7 ta nominatsiya bo‘yicha qabul qilindi. “Bosma ommaviy axborot vositalari xodimlarining eng yaxshi jurnalistik ishlari”, “Televideniye va radio ijodkorlarining eng yaxshi materiallari”, “Internet-jurnalistikasi”, “Publitsistik janrdagi eng yaxshi kitob uchun”, “Yozuvchi va shoirlarning eng yaxshi badiiy asarlari”, “Tasviriy san’at, foto va dizayn ishlari”, “Kino san’ati asarlari” nominatsiyalari shular jumlasidan.
“Yangi hayot uchun, Yangi O‘zbekiston uchun!” degan bosh g‘oya asosida o‘tkazilgan ko‘rik-tanlovning respublika bosqichiga 7 nominatsiya bo‘yicha 345 nafar ijodkordan 1 ming 700ga yaqin ijodiy ish taqdim etildi.
Hakamlar hay’ati a’zolari ijodiy ishlarni besh balli tizim bo‘yicha mavzuning dolzarbligi, tahlili, asarning badiiyligi, istiqlol g‘oyasining ifodasi, talqinning o‘ziga xosligi kabi jihatlarga asosiy e’tibor qaratdi.
“Eng ulug‘, eng aziz” ko‘rik-tanlovining “Bosma ommaviy axborot vositalari xodimlarining eng yaxshi jurnalistik ishlari” nominatsiyasiga 74 nafar jurnalist o‘zining 359 ta ijodiy ishi bilan qatnashdi. Tanlovga qatnashish istagidagi da’vogarlar safi kengayishi bilan birga ijodiy ishlar sifati ortgani e’tiborlidir.
Badiiy publitsistika jamiyatda kechayotgan ijtimoiy-siyosiy, madaniy-ma’rifiy jarayonlarga, dunyoda yuz berayotgan, odamlar ongu-shuuriga, dunyoqarashi va turmush tarziga ta’sir ko‘rsatayotgan voqelikka munosabat bildiruvchi ijodiy tafakkur mahsulidir. Tanlovning “Publitsistik janrdagi eng yaxshi kitob uchun” nominatsiyasiga bu yil o‘tgan yilga nisbatan ancha ko‘p ijodiy ish kelib tushgan. Ularning ma’lum foizi ustoz jurnalistlarga tegishli bo‘lsa, qolganlari yosh ijodkorlarga to‘g‘ri keladi.
Bu yilgi tanlovning “Televideniye va radio ijodkorlarining eng yaxshi materiallari” nominatsiyasi bo‘yicha 56 nafar ijodkordan 300 ga yaqin ijodiy ish kelib tushgan. Materiallar shaklan va mazmunan rang-barang bo‘lib, ularda yangilanish jarayonlari, “Inson qadri uchun” degan g‘oyaning amaliy ifodasi ochib berilgani bilan ahamiyatlidir.
Tanlovning “Internet-jurnalistikasi” nominatsiyasi bo‘yicha 30 nafarga yaqin ijodkor qatnashgan. Ularning aksariyati nodavlat internet nashrlari hissasiga to‘g‘ri keladi. Bu nominatsiya bo‘yicha 150 dan ziyod turli janrlardagi ijodiy ish ko‘rib chiqilgan. E’tiborga molik jihati, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi Prezident “POOL” markazi boshlig’i Ziyodulla Jonibekov mazkur nominatsiya bo‘yicha birinchi o‘ringa loyiq topildi.
– Eng ulug‘ va eng aziz bayram arafasida ijodkorlarga ko‘rsatilayotgan e’tibordan juda mamnunmiz, – dedi “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasi bo‘lim mudiri Shoyim Bo‘tayev. – Bugun haq so‘zni aytish quvonchi barchamizga nasib etdi. Bu esa yanada ko‘proq ijodiy izlanishga da’vat etmoqda.
Tadbirda g‘olib va sovrindorlar taqdirlandi. San’at ustalari ishtirokida musiqiy dastur namoyish etildi.
Nazokat Usmonova,
Davron Ernazarov, O‘zA