Germaniyaning Dyusseldorf shahrida tezkor shaxmat bo‘yicha jamoalar o‘rtasida o‘tkazilgan birinchi FIDE jahon chempionatida hamyurtimiz Nodirbek Abdusattorovning “WR Chess” jamoasi g‘oliblikni tantana qildi.

O‘tkazilgan o‘yinlarda ikkita durang va o‘nta g‘alabaga erishgan “WR Chess” birinchi o‘rinni egalladi. “Team Freedom” jamoasi ikkinchi, 18 ochko jamg‘arishga muvaffaq bo‘lgan Hindiston shaxmatchilaridan iborat “MGD1” vakillari uchinchi o‘rinni egalladi.

Nodirbek Abdusattorov, Yan Nepomnyashiy, Uesli So, Yan-Kshishtof Duda, ayol shaxmatchilar Xou Ifan va Aleksandra Kostenyukdan iborat “WR Chess” jamoasiga taqdirlash marosimida maxsus kubok, medallar va 100 ming yevro mukofot taqdim etildi.

Ikkinchi o‘rinni egallagan “Team Freedom” shaxmatchilari 60 ming yevro, “MGD1” jamoasi esa 40 ming yevro bilan taqdirlandi. Musobaqada keyingi o‘rinlardan joy olgan Armaniston jamoasi 25 ming, Germaniya va uning do‘stlari jamoasi esa 12 ming 500 yevroni qo‘lga kiritdi.

T.Ro‘ziyev, O‘zA