Xalqaro olimpiya qo‘mitasi boks bo‘yicha “Parij-2024” Olimpiadasiga yo‘llanma beruvchi musobaqalar taqvimini e’lon qildi.
Unga ko‘ra, “Parij-2024” Olimpiadasiga yo‘l beruvchi yettita turnir 2023 yilning iyunidan 2024 yilning mayigacha bo‘lib o‘tadi.
Qit’aviy saralash bosqich musobaqalari 2023 yilda bo‘lib o‘tishi belgilangan. Ikkita jahon saralashi musobaqalari 2024 yilning mart-may oylarida tashkil etiladi. Olimpiadaning boks bahslari uchun jami 248 ta kvota o‘rni e’lon qilingan bo‘lib, ayollar uchun 124 ta, erkaklar uchun 124 o‘rin ajratilgan.
To‘rt yillikning eng nufuzli musobaqasiga hozirlik ko‘rayotgan O‘zbekiston bokschilari quyidagi litsenzion musobaqalarda 2024 yilgi Olimpiya o‘yinlari yo‘llanmalari uchun kurash olib borishi kutilmoqda.
Bu, joriy yilning 23 sentyabr – 8 oktyabr kunlari Xitoyda o‘tadigan “Xanchjou-2022” Osiyo o‘yinlari bo‘lib, unda 34 ta yo‘llanma uchun janglar o‘tkaziladi. Qit’a o‘yinlarida 14 ta erkaklar va 20 ta ayollar vazn toifalarida yo‘llanmalar egalari ma’lum bo‘ladi.
2024 yilning 29 fevral – 12 mart kunlari Italiyada o‘tadigan “Parij-2024” jahon litsenzion turnirida bokschilar 28 ta erkaklar va 21 ta ayollar vaznidagi yo‘llanmalar uchun ringga ko‘tariladi.
2024 yilning 23 may – 3 iyun kunlari Tailandning Bangkok shahrida bo‘ladigan so‘nggi litsenzion turnirda 51 ta yo‘llanma egasi ma’lum bo‘ladi. Aytish lozim, Bangkokda taqdim etiladigan “Parij-2024” 51 ta yo‘llanmasining 28 tasi erkaklarga, 21 tasi ayollarga tegishli bo‘ladi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA