Ma’lumki, joriy yilning 23 sentyabr – 8 oktyabr kunlari O‘zbekiston sportchilari Xitoyda o‘tkaziladigan “Xanchjou-2022” Osiyo o‘yinlarida vatanimiz sharafini himoya qiladi.
Boshlanishiga bir oyga yaqin vaqt qolgan qit’a o‘yinlarida mamlakatimiz sportchilarining munosib ishtirok etishiga zarur shart-sharoitlar yaratish borasida davlatimiz tomonidan barcha chora-tadbirlar ishlab chiqildi.
Aytish lozimki, Prezidentimiz 2022 yil 5 mayda imzolagan “2023 yilda Xanchjou shahrida (Xitoy) bo‘lib o‘tadigan XIX Osiyo o‘yinlari va IV Paraosiyo o‘yinlariga O‘zbekiston sportchilarini kompleks tayyorlash to‘g‘risida”gi qaroriga asosan Yoshlar siyosati va sport vazirligi, Milliy olimpiya qo‘mitasi hamda sport federatsiyalari hamkorligida tayyorgarlik strategiyasi ishlab chiqilgan.
Ayni paytda bir qator sport turlari bo‘yicha terma jamoalar Toshkent viloyatidagi “Yangiobod” sport bazasida o‘quv -mashg‘ulot yig‘inlarida ishtirok etmoqda.
Kuni kecha Yoshlar siyosati va sport vaziri o‘rinbosari Shaxrullo Mahmudov yetakchiligidagi mutaxassislar “Yangiobod” sport bazasida “Xanchjou-2022” Osiyo o‘yinlariga hozirlik ko‘rayotgan boks, kurash, qilichbozlik, yengil atletika terma jamoalarining mashg‘ulot jarayonlari, ularga yaratilgan shart-sharotilar bilan tanishdi. Terma jamoa murabbiylari, sportchilar, har bir sport turiga biriktirilgan shifokorlar bilan suhbatlashdi.
Xususan, boks bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi murabbiylari Rahmatxon Ro‘zioxunov, kuni kecha davlatimiz rahbari qarori bilan yuksak mukofot – “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan sport ustozi” unvoniga sazovor bo‘lgan Davron G‘ofurov, sport shifokori Dilshod Kazakov, kurash murabbiylari Dilfuza Rahmatova, O‘zbekiston kurash federatsiyasi hakamlar hay’ati raisi Hikmat Kurtov va sportchilar bilan suhbatda “Xanchjou-2022” o‘yinlarining ahamiyati haqida so‘z bordi.
O‘quv-mashg‘ulot yig‘inida sportchilar bajarayotgan texnik – taktik yuklamalar, ularga ajratilayotgan farmakologik mahsulotlar, sportchilarning yashash sharoitlari, mashg‘ulot jarayonlarining borishi bilan tanishildi.
Uchrashuv va muloqotlar davomida sportchilarning, murabbiy-mutaxassislarning, shifokorlarning fikr – mulohazalari tinglandi.
Osiyo o‘yinlarida munosib natijalarga erishish masalasida bajarilayotgan mashqlar, har bir sportchining jismoniy quvvatini oshirish bilan uning ruhiy holatini yanada mustahkamlash masalasida fikrlashildi.
T. Ro‘ziyev, O‘zA