Biroz avval Osiyo chempionlar ligasining 2023/24 yilgi mavsumi uchun qur’a tashlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Ma’lumki joriy mavsum O‘zbekistondan naqd 4 ta jamoa mazkur musobaqada ishtirok etadi. So‘nggi bor bundan yetti avval, ya’ni 2016 yilgi mavsumda 4 jamoamiz OCHLda ishtirok etgandi.

Bugungi qur’a natijalariga ko‘ra, mamlakatning amaldagi chempioni “Paxtakor” “A” guruhidan joy oldi. Ushbu guruhda jamoamizga Saudiya Arabistonining “Al-Fayha”,  Turkmanistoninng “Ahal” va Birlashgan Arab Amirligining “Al-Ayn” jamoalari raqiblik qiladi.

O‘zbekiston kubogining so‘nggi chempioni “Nasaf” “B” guruhidan joy oldi. Mazkur guruhda klubimiz Qatarning “Al-Sadd” jamoasi, Iordaniyanining “Al-Faysali” klubi va Birlashgan Arab Amirligining “Sharja” jamoalari bilan kurash olib boradi.

Saralash bosqichidan muvaffaqiyatli o‘tgan “Navbahor” klubi “D” guruhidan o‘rin oldi. Bu guruhda bizning turnirdagi 3-jamoamiz Saudiyaning “Al-Hilol” jamoasi, Eronning “Nasajji” klubi va Hindistonning “Mumbay Siti” jamoalariga to‘qnash keladi.

Osiyo chempionlar ligasidagi bizning 4-jamoamiz hisoblangan OKMK esa “C” guruhidan o‘rin oldi. Mazkur guruhda Mirjalol Qosimov shogirdlari Saudiyaning “Al-Ittihod” jamoasi, Iroqning “Eyr Fors” klubi va Eronning “Sepaxon” jamolariga to‘qnash keladi.Sezib ulgurganingizdek Krishtianu Ronaldu jamoasi “An-Nasr” hech qaysi klubimiz bilan bir guruhdan joy olmadi va o‘z-o‘zining uning O‘zbekistonga tashrifi hozircha bo‘lmaydi. Lekin Karim Benzema va Neymar Olmaliq va Namanganga kelishi mumkin. Ularda bunday imkoniyat mavjud.

Ma’lumot o‘rnida 1-tur uchrashuvlari 18–19 sentyabr kunlari, 2-tur 2–3oktyabr sanasida, 3-tur 23–23 oktyabrda, 4-tur 6–7 noyabrda, 5-tur esa 27–28 noyabr kunlari va so‘nggi 6-tur 4–5 dekabr kunlari o‘tkaziladi. Ushbu turnirdagi barcha jamoamizga omad tilaymiz.

Videoni to‘liq O‘zAning YouTube kanalida tomosha qilishingiz mumkin

Farrux Xudoyorov, Iskandar Ismatov (video), O‘zA