O‘zbekiston milliy terma jamoasi oktyabr oyida Xitoyning Sian shahrida xalqaro o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarini o‘tkazadi. Unda terma jamoamiz 13 oktyabr kuni Vetnam, 16 oktyabr kuni esa Xitoy milliy terma jamoasiga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvida maydonga tushishi kutilmoqda.
Bugun “So‘g‘diyona” stadionida O‘zbekiston Superkubogi uchun bahs o‘tkaziladi. Unda “Paxtakor” jamoasi “Nasaf” bilan to‘qnash keladi. Superkubok uchun o‘tadigan o‘yin Toshkent vaqti bilan soat 19:30 da boshlanadi.
Xabaringiz bor, mamlakatimizning to‘rt jamoasi Osiyo chempionlar ligasining guruh bosqichiga yo‘l olgan edi. Bugun ushbu musobaqaning qur’a tashlash marosimi bo‘lib o‘tadi. OFK bosh qarorgohida o‘tadigan marosim soat 13:00da boshlanadi.
Eslatib o‘tamiz, qur’ada “Paxtakor” 1-savatdan, “Nasaf” 2-savatdan, “Navbahor” hamda “OKMK” jamoalari 4-savatdan o‘rin egallaydi.
Muhammad Saloh “Al-Ittihod”ga o‘tadimi?
Fransiyalik futbolchi Karim Benzema “Al-Ittihod” klubida faoliyatini davom ettirayotganidan xabaringiz bor. Biroq uning klub murabbiyi Nunu Eshpiritu Santu bilan munosabatlari yaxshi emasga o‘xshaydi.
Nunu jamoa mutasaddilariga Benzema uning o‘yin uslubiga to‘g‘ri kelmasligini tushuntirgan. Shuningdek, fransiyalik futbolchi o‘z jamoasida sardorlik bog‘ichini olishni umid qilgan edi. Biroq uning umidi hamon puchga chiqmoqda. Shu kabi sabablar futbolchi va murabbiy o‘rtasida ziddiyat keltirgan.
Biroq bu vaziyatga jamoa mutassadilari izoh bermayapti. Aksincha, ular aqlbovar qilmas transferlarni amalga oshirishda davom etmoqda. “Liverpul” hujumchisi Muhammad Saloh transferi uchun jiddaliklar 90 million yevro sarflashga tayyor ekanini ovoza qilmoqda. Agar “Liverpul” bu taklifni qabul qiladigan bo‘lsa, bu transfer Saudiya Arabistoni chempionatlari tarixida eng kattasi bo‘ladi. 31 yoshli misrlik to‘purarning narxi 65 million yevro bo‘lib turibdi.
Shuningdek, “Al-Ittihod”da yana bir futbolchi o‘zini noqulay his qilmoqda. Shotlandiyaning “Seltik” jamoasidan Saudiyaga kelgan portugaliyalik hujumchi Jota transferdan bir oy o‘tib, Yevropaga qaytishga qaror qildi.
Saudiyaliklar Jota uchun shotlandiyaliklarga 30 million yevro to‘ladi. Biroq, bu transfer o‘zini oqlamaydigan ko‘rinadi. Klub rahbariyati ham bu o‘yinchining ketishiga qarshi emas. Ular Muhammad Salohni intiqlik bilan kutmoqda.
Yevropada transferlar davom etmoqda
“Marsel” vakili Matteo Genduzi faoliyatini Italiyada davom ettirishga yaqin turibdi. Unga “Latsio” qiziqish bildirmoqda. Italiya klubi 15 million yevrolik taklif bilan chiqqan, lekin fransuzlar transfer uchun 22 million yevro talab qilmoqda.
“PSJ” hujum chizig‘ini yanada kuchaytirish maqsadida Randal Kolo-Muanini o‘z safiga qo‘shib olmoqchi. “Ayntraxt” bilan futbolchi borasida tez orada muzokaralar boshlanadi. Germaniya klubi ushbu kelishuvdan 100 million yevro ishlab olishni ko‘zlamoqda.
“Ayaks” jamoasi a’zosi Muhammad Qudus “Vest Xem”ga o‘tish arafasida. Har ikki tomon futbolchi borasida deyarli kelishuvga erishgan. “Vest Xem” Qudus uchun 45 million yevro va 5 yillik shartnoma taklif qilgan.
“Manchester Siti” “Kristal Pelas” a’zosi Eberechi Eze va “Vulverxempton” klubi safida to‘p tepayotgan Mateush Nuneshga qiziqish bildirmoqda. Klub mutasaddilari Nunesh uchun 50 million yevrodan kechishga tayyor.
“Manchester Siti” haqida yana bir gap! Jamoa yarim himoyachisi Bernardu Silva bilan yangi shartnoma tuzdi. U “shaharliklar” safida 2026 yilga qadar to‘p tepadi. Angliyaning “Nottingem Forest” klubi 11 million yevroga sotib olish taklifi bilan Gansalo Montiyelni bir yilga ijaraga oldi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA