Oliy Majlis Senati yalpi majlisida senatorlar tomonidan aholi orasida, ayniqsa, hududlarda olib borilayotgan o‘rganishlar natijalari, respublika darajasida hal etilishi zarur bo‘lgan masalalarga e’tibor qaratildi.

Andijon, Namangan va Farg‘ona viloyatlarini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholi turmush darajasini oshirish bo‘yicha qilingan ishlar va vazifalar yuzasidan olib borilgan o‘rganishlarga to‘xtalib o‘tildi.

Hududlarni rivojlantirish, aholi turmush darajasini oshirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarda mutlaqo yangicha yondashuv joriy qilinayotgani qayd etildi.

— Aynan shunday yondashuv asosida parlament, xususan, Senat ham faol ish olib bormoqda, – dedi Senat raisi Tanzila Norboyeva. – Davlat rahbari tomonidan Farg‘ona, Namangan, Andijon viloyatlarini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga oid vazifalarning ijrosi ustidan parlament nazoratini tashkil qilish bilan birgalikda ijrosini ta’minlashga ko‘maklashish qayd etildi. Bu borada Senat kengashining alohida qarori qabul qilindi, hududlarda ishlar boshlab yuborildi.

Vodiy viloyatlarida ishchi guruhlar dastlabki o‘rganishlar o‘tkazib, qator muammoli masalalarni aniqladi, ularni bartaraf etishga qaratilgan aniq choralar belgilandi.

“Vodiy viloyatlaridagi tuman (shahar)larning har biri bo‘yicha jami 1 ming 220 banddan iborat “Yo‘l xarita”lari qabul qilindi. Unda yangi ish o‘rinlarini yaratish, investitsiyalarni jalb qilish, eksport hajmlarini va byudjetga tushumlarni oshirish, kambag‘allikni qisqartirish, ijtimoiy-ma’naviy muhitni sog‘lomlashtirish va boshqa muhim yo‘nalishlar bo‘yicha 2023 yil yakuniga qadar amalga oshirilishi lozim bo‘lgan vazifalar aniq belgilandi. Avvalo, Hukumat, qolaversa, mas’ul etib belgilangan mutasaddi respublika va mahalliy ijro organlaridan har bir bandning ijrosi uchun javobgarlik talab etiladi. Mazkur vazifalarning ijrosi qat’iy nazoratga olindi”, dedi Senat raisi.

Namangan viloyatida o‘tkazilgan o‘rganishlarda shahar tibbiyot birlashmasiga qarashli ko‘p tarmoqli markaziy poliklinika binosini ta’mirlashga ehtiyoj borligi aniqlandi.

Ma’lumotlarga qaraganda, Namangan shahar aholisi soni 1 millionga yaqinlashgan. Shaharda bor yo‘g‘i 4 ta tug‘ruqxona faoliyat yuritmoqda. Viloyat perinatal markazi ham (250 o‘rinli) shu hisobda. Biroq, shahar aholisi, jumladan, tug‘ish yoshidagi ayollar soni muttasil o‘sib bormoqda (170 ming nafar). O‘tgan yilda shaharda umumiy tug‘ruqlar soni 20 mingdan ziyodni tashkil etgan bo‘lsa, joriy yilning 6 oyida salkam 12 mingga yetgan. Bular orasida erta tug‘uruqlar ham bor (2022 yilda 1,3 ming, 2023 yil 6 oyida esa 539 ta).

– Aynan erta tug‘uruqlar sonining ko‘pligi, qolaversa shahar bolalar shifoxonasidagi neonotologiya (kam vaznli chaqaloqlarni parvarish qilish) bo‘limi ortiqcha yuklama bilan ishlayotgani sababli shahar tug‘uruq kompleksi negizida alohida perinatal markazi tashkil etish taklifi bildirildi, – deb qayd etdi T.Norboyeva. – Fikrimizcha, Sog‘liqni saqlash vazirligi mazkur masalani atroflicha o‘rganib, xulosa berishi zarur. To‘g‘ri, shahar hududida viloyat perinatal markazi joylashgan. Lekin sig‘im jihatdan talabga javob beradimi, degan savol tug‘iladi. Yuqorida aytganimdek, ehtiyoj yildan – yilga o‘sib bormoqda. Aniq, ob’ektiv holatni to‘liq ochib beradigan xulosa kerak. Zero,  perinatal markazlari  asoratli tug‘uruqlar va nogironlikning oldini olishda muhim o‘rin tutadi. Aynan mana shu masala davlatimizda katta ustuvor vazifa etib belgilangan. Shuning uchun perinatal markazlarini e’tibordan chetda qoldirish mumkin emas.

Ushbu ob’ektni 2024 yildagi O‘zbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturiga kiritilishi masalasini Sog‘liqni saqlash hamda  Iqtisodiyot va moliya vazirliklari tomonidan ijobiy hal etilishi maqsadga muvofiq.

Norgul Abduraimova, O‘zA