O‘simlik dunyosi – tabiatning bir bo‘lagi bo‘lib, atrof-muhit barqarorligida muhim o‘rin tutadi. Ayniqsa, global iqlim o‘zgarib borayotgan hozirgi sharoitda o‘simliklarni asrab-avaylash va ko‘paytirish dolzarb masala hisoblanadi.

O‘simliklarni zararkunandalar, kasalliklar va begona o‘tlardan himoya qilishni ta’minlash, ularni himoya qilish vositalarining inson sog‘lig‘iga, atrof tabiiy muhitiga zararli ta’sirining oldini olish ham muhim.

Aynan shu masala bilan bog‘liq munosabatlarni huquqiy tartibga solish maqsadida “O‘simliklarni himoya qilish to‘g‘risida”gi qonun ishlab chiqildi.

Senat yalpi majlisida muhokama qilingan mazkur qonunda maxsus vakolatli davlat organi sifatida O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi tomonidan o‘simliklarni himoya qilish sohasida davlat nazorati amalga oshirilishi belgilangan. O‘simliklar karantini davlat inspektorlarining sohadagi huquq va majburiyatlari aniqlashtirilmoqda.

– O‘simliklar himoyasi butun dunyoda bo‘lgani kabi mamlakatimizda ham juda dolzarb masala hisoblanadi, – dedi T.Norboyeva. – O‘simliklar himoyasi bo‘yicha yangi yondashuvlarni joriy etish talab qilinmoqda. Bu yo‘nalishda huquqiy asoslar yaratilgan. Yangi qonun bilan esa sohaga oid asoslar bugungi kun talablariga muvofiq takomillashtirilmoqda. Zero, inson sog‘lig‘i, atrof tabiiy muhiti xavfsizligi, biologik usulni qo‘llash ustuvorligi asosiy prinsip sifatida belgilanmoqda. Tizim xodimlari zarur malakaga ega bo‘lishi shart. Zotan, o‘simliklarga bo‘lgan munosabat, insoniyatga bo‘lgan munosabat bilan barobar.

Mazkur masala yuzasidan ma’ruza qilgan senator Bahodir Tojiyev kimyoviy vositalarni qo‘llash me’yorini nazorat va monitoring qilishning huquqiy mexanizmlari mavjud emasligini qayd etdi.

– Tuproqdagi hamda yetishtirilayotgan mahsulot tarkibidagi pestitsid va nitrat miqdorini nazorat qilish deyarli imkonsiz bo‘lib qolgan, – dedi B.Tojiyev. – Buning oqibatida  atrof-muhit va inson salomatligiga salbiy ta’sirlar ko‘paymoqda. Oddiy misol, bodring, pomidor, ko‘kat kabi odatda termik ishlovsiz iste’mol qilinadigan mahsulotlarni yetishtirishda kimyoviy vositalarni qo‘llashni mahsulot pishib yetilishidan 30 kun oldin to‘xtatish lozim. Biroq, aksariyat holatlarda bunga amal qilinmaydi.

O‘simliklarni himoya qilish vositalari sotiladigan do‘konlar faoliyati  tartibsiz. Ularda faoliyat olib boradigan shaxslarning ilmi, malakasi talab darajasida emas. Maqsad faqat foyda olish bo‘lib qolgan. Kimyoviy vositalarni qo‘llash bo‘yicha instruktaj o‘tkazish amaliyoti deyarli yo‘q.

Shu bois qonunda kimyolashtirish va o‘simliklarni himoya qilish vositalarini ishlab chiqarish, realizatsiya qilish, qo‘llash, tashish, muomaladan chiqarish, saqlash qoidalariga rioya qilishga, shuningdek, yaroqsiz holga kelgan va qo‘llanilishi taqiqlangan vositalarni zararsizlantirish, utilizatsiya qilishga doir talablar kuchaytirilmoqda.

Kimyolashtirish va o‘simliklarni himoya qilish vositalarini standartlashtirish, sertifikatlashtirish, tamg‘alash hamda ishlab chiqarishga doir talablar ham nazarda tutilmoqda.

Bundan tashqari, qonuniylik, tizimlilik va uzluksizlik, biologik usulni qo‘llash ustuvorligi, ochiqlik va shaffoflik kabi o‘simliklarni himoya qilish sohasidagi asosiy prinsiplar mustahkamlanmoqda.

Ushbu qonun kimyolashtirish va o‘simliklarni himoya qilish vositalarini ro‘yxatga olishni ham nazarda tutadi. Ya’ni, qonun davlat mineral o‘g‘itlar va o‘simliklarni himoya qilish vositalarini hisobga olish va monitoring qilishni ta’minlaydi.

Senatorlar ma’qullagan qonun hozirgi global iqlim o‘zgarishi sharoitida o‘simlik dunyosini asrab-avaylashga hamda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashga xizmat qiladi.

 

Norgul Abduraimova,  

O‘zA