Xabaringiz bor, yaqinda Samarqand shahrida ovqatdan zaharlanish holati qayd etildi. Buning oqibatida 50 nafarga yaqin insonning sog‘lig‘iga putur yetdi.

Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi mazkur holat yuzasidan rasmiy munosabat bildirdi:

2023 yil 14-15 avgust kunlari Samarqand shahri Rudakiy ko‘chasida joylashgan fastfud taomlarini tayyorlash va sotish faoliyati bilan shug‘ullanayotgan “Bir zumda” savdo shoxobchasida tayyorlangan “Xot-dog”dan 49 nafar fuqaro zaharlanib, “ovqat toksikoinfeksiyasi” tashxisi bilan viloyat yuqumli kasalliklar klinik shifoxonasiga yotqizilgan.

Joriy yil 21 avgust holatiga ko‘ra, shifoxonada davolanishda bo‘lgan bemorlarga ko‘rsatilgan tibbiy muolajalardan so‘ng ularning ahvoli yaxshilangani sababli uylariga javob berilgan.

O‘rganish jarayonida “Xot-dog” tayyorlashda ishlatilgan sabzi salati Samarqand tumani Bog‘i tillo mahallasida yashovchi fuqaro M.S. tomonidan uy sharoitida tayyorlangani aniqlandi.

Sabzi salatini tayyorlashda ishtirok etgan xonadon a’zolari M.S. va A.U.dan, ish anjomlaridan, tayyor sabzi salati va ichimlik suvidan namunalar olinib, Sanepidqo‘mitaning Samarqand shahar bo‘limi laboratoriyalariga yuborildi.

Shuningdek, “Bir zumda” savdo shoxobchasida vakolatli organ bilan kelishilgan tartibda 2023 yil 18 avgust kuni tekshirish o‘tkazildi. Tekshirish davomida savdo shoxobchasida texnologik ehtiyojlar uchun ishlatilayotgan ish anjomlari markirovkalanmagani, idish yuvish xonasi sanitariya qoida va me’yorlariga javob bermasligi hamda savdo shoxobchasida uy sharoitida tayyorlangan, xavfsizligi kafolatlanmagan salatlarning ishlatilishiga yo‘l qo‘yilgani aniqlandi.

Bu esa “Umumiy ovqatlanish korxonalariga qo‘yiladigan gigiyenik talablar to‘g‘risida”gi SanQvaMni hamda “Aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi to‘g‘risida”gi qonunning 24 – moddasi, “Oziq-ovqat mahsulotlarining sifati va xavfsizligi to‘g‘risida”gi qonunning 14 – moddasi talablari buzilganini ko‘rsatadi.

Aniqlangan kamchiliklar yuzasidan “Bir zumda”  savdo shoxobchasining ish faoliyati 18 avgustdan vaqtincha to‘xtatildi.  Korxona rahbari A.A.ga ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirildi.

O‘zA