“Tapentadol” kuchli ta’sir qiluvchi dori vositasi bo‘lib, tibbiyotda o‘rtacha va og‘ir intensivlikdagi o‘tkir hamda surunkali og‘riq sindromida, operatsiyadan so‘ng va og‘riqli diagnostika jarayonlarida qo‘llanadi. Mazkur dori vositasini muntazam iste’mol qilish qaramlikni shakllantiradi.

Uni notibbiy maqsadlarda suiiste’mol qilish nafas olish tizimining buzilishi, bosh miya shikastlanishi va ruhiy tushkunlikka tushish, anamnez holatida talvasa sindromi, jigar yetishmovchiligi, o‘t qopi patologiyasi va o‘tkir pankreatit, qon bosimining tushish holatlarini keltirib chiqaradi.

2014 yilda BMTning giyohvandlik bo‘yicha ekspertlar qo‘mitasi tomonidan “Tapentadol” dori vositasining nazoratini kuchaytirish bo‘yicha bir qator tavsiyalar berilgan. Shuningdek Rossiya, Buyuk Britaniya, Kipr, Estoniya, Finlyandiya, Gretsiya, Latviya, Ispaniya va boshqa davlatlarda “Tapentadol” dori vositasi milliy nazorat ostiga olingan ro‘yxatlarga kiritilgan.

AQSHning narkotiklarga qarshi boshqarmasi jadvali “Tapentadol”ni ko‘proq odamni bo‘shashtirish uchun ishlatiladigan kuchli opioidlar morfin, oksikodon va fentanil turkumidagi ro‘yxatga kiritgan.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023 yil 19 avgustdagi tegishli qaroriga muvofiq, “Tapentadol” dori vositasi O‘zbekiston Respublikasida muomalada bo‘lishi cheklangan giyohvandlik vositalarining ro‘yxatiga kiritildi.

“Tapentadol” dori vositasi O‘zbekiston Respublikasida tibbiyot amaliyotida qo‘llanilishiga ruxsat etilgan dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnika Davlat reyestridan ro‘yxatdan o‘tkazilmagan. Mazkur dori vositasini qonunga xilof ravishda olish, saqlash va o‘tkazganlik uchun qonunchilikda tegishli jinoiy javobgarlik belgilangan.

 

O‘zA