O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyevning muzokaralari ikki mamlakat rasmiy delegatsiyalari ishtirokida kengaytirilgan tarkibda davom etdi.

O‘zbekiston-Ozarbayjon strategik sheriklik munosabatlarini yanada chuqurlashtirish va ko‘p qirrali hamkorlikni, eng avvalo, siyosiy, savdo-iqtisodiy, transport-kommunikatsiyaviy va madaniy-gumanitar sohalarda rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.

Davlatimiz rahbari dini bir, qadriyatlari, an’analari, tili va madaniyati o‘xshash bo‘lgan xalqlarimiz o‘rtasidagi munosabatlar keyingi yillarda eng yuksak darajaga ko‘tarilganini qayd etdi.

O‘zbekiston rahbari Ozarbayjon xalqini atoqli davlat arbobi, umummilliy yetakchi Haydar Aliyevning 100 yillik yubiley bilan tabrikladi.

Prezidentlar kuni kecha ikki mamlakat yetakchi kompaniyalari ishtirokida o‘tgan biznes forumi yakunlarini yuqori baholadilar.

Savdo va sanoat kooperatsiyasida jadal o‘sish kuzatilayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Yaqin yillarda uchinchi mamlakatlardan qimmat importning o‘rnini milliy ishlab chiqaruvchilarning arzon va sifatli mahsulotlari bilan bosish orqali tovar ayirboshlashni 1 milliard dollarga yetkazish uchun barcha imkoniyatlar mavjudligi ko‘rsatib o‘tildi.

Sanoat kooperatsiyasi xususida so‘z borar ekan, Prezidentlar energetika, metallurgiya, foydali qazilmalar, mashinasozlik, elektrotexnika, to‘qimachilik, farmatsevtika, agrosanoat va boshqa tarmoqlarda muhim loyihalarni birgalikda amalga oshirish bo‘yicha qat’iy kelishuvlarga erishilganini olqishladilar.

Bunday loyihalarni qo‘llab-quvvatlash uchun qo‘shma Investitsiya jamg‘armasining mablag‘larini faol o‘zlashtirish muhimligi ta’kidlandi.

Hududlar o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish, xususan, ularning sanoat salohiyatini hisobga olgan holda yangi kooperatsiya loyihalarini ilgari surish uchun hududiy ma’muriyatlar rahbarlarining to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotini va muntazam uchrashuvlarini yo‘lga qo‘yish g‘oyasi qo‘llab-quvvatlandi.

Yetakchilar transport va tranzit sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish strategik jihatdan muhimligini qayd etdilar.

O‘tgan yilda O‘zbekiston yuklarini Boku porti orqali tashish hajmi qariyb ikki barobar oshdi. Mamlakatimiz bundan buyon ham Ozarbayjonning zamonaviy transport tarmog‘idan foydalanib, yuk tashishni ko‘paytirish niyatida.

Shu ma’noda, Transkaspiy yo‘lagi doirasida qo‘shma logistika kompaniyasini tashkil etish hamda Boku shahri va uchinchi mamlakatlar portlarida omborxona infratuzilmasi va logistika markazlarini barpo etish choralari muhokama qilindi.

Madaniy-gumanitar aloqalarni mustahkamlashga qaratilgan bir qator kelishuvlarga erishildi, shu jumladan Madaniyat va kino kunlari, ijodiy va ilmiy ziyolilar, yoshlar tashkilotlarining uchrashuvlarini o‘tkazishga kelishib olindi.

Yig‘ilish davomida tashqi siyosiy idoralar rahbarlari, Hukumatlararo komissiya hamraislari, transport va energetika, qishloq xo‘jaligi va madaniyat vazirlarining muzokaralar kun tartibi yuzasidan hisobotlari tinglandi.

Yakunda davlat rahbarlari qo‘shma “yo‘l xarita”larini tayyorlash va erishilgan kelishuvlarni samarali amalga oshirish mexanizmlarini ta’sis etishga topshiriq berdilar.