Joriy yilning sentyabr oyi taekvondochilarimiz uchun o‘ta mas’uliyatli. Boisi 1-3 sentyabr kunlari Fransiya poytaxti Parij shahrida taekvondo WT bo‘yicha Gran-pri musobaqasi hamda Xitoyning Xanchjou shahrida 23 sentyabr – 8 oktyabr kunlari XIX Osiyo o‘yinlari bo‘lib o‘tadi.

Hozirda taekvondo WT bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi Toshkent viloyatida mazkur musobaqalarga tayyorgarlik ko‘rmoqda. O‘zA muxbiri sportchilarimizning musobaqalar oldidan olib borayotgan mashg‘ulotlari, kutilayotgan natijalar va rejalar haqida terma jamoa murabbiyi Jasur Boyqo‘ziyev bilan suhbatlashdi.

–  Navbatdagi o‘quv-mashg‘ulot yig‘ini qanday o‘tmoqda? Mashg‘ulotlar haqida to‘xtalib o‘tsangiz.    

–   Bu galgi o‘quv-mashg‘ulot yig‘ini Dukent qo‘rg‘onida 5-25 avgust kunlariga mo‘ljallangan bo‘lib, unda terma jamoamizning eng kuchli 24 nafar taekvondochisi ishtirok etmoqda. Sportchilarimizga 8 nafar murabbiy mashg‘ulotlarni o‘tkazish uchun biriktirilgan. Yig‘indan ko‘zlangan asosiy maqsad Parij Gran-prisi va Osiyo o‘yinlariga munosib tayyorgarlik ko‘rishdir.

Mashg‘ulotlar haqida gapirib o‘tadigan bo‘lsam, asosan sportchilarimiz umumiy jismoniy holatni bir maromda ushlab turuvchi mashqlarni bajarmoqda. Shuningdek, texnik va taktik hamda bahslarga ruhan tayyor bo‘lish borasida ko‘nikmalarga ega bo‘lmoqda.

– Oldinda turgan rejalar va assotsiatsiya tomonidan yaratilayotgan sharoitlar haqida qisqacha gapirib bersangiz.    

– Biz uchun oldinda turgan to‘rt oy o‘ta muhim. Oldinda bizni 3 ta Gran-pri,  1 ta “Katta dubulg‘a” musobaqalari va Osiyo o‘yinlari kutib turibdi. Bu musobaqalarda maksimal darajada reyting ochkolarini jamg‘arishimiz lozim. Sababi, yil yakunida ushbu musobaqalarda erishilgan reyting ochkolari sarhisob qilinadi va kelasi yili bo‘lib o‘tadigan Olimpiya o‘yinlarida to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishtirok etadigan sportchi ro‘yxati e’lon qilinadi. Umid qilamizki, taekvondochilarimiz kutilgan natijalarga erishadi.

Assotsiatsiya tomonidan yetarli sharoitlar yaratib kelinmoqda. Musobaqa oldidan yig‘in va musobaqa davomida ham sportchi, ham murabbiylar kerakli barcha inventarlar, sport kiyimlari va jihozlari, vitamin hamda minerallar bilan  o‘z vaqtida ta’minlanmoqda. Bu uchun murabbiy va sportchilar nomidan sportimiz mutasaddilariga o‘z minnatdorchiligimizni bildiramiz.

– Siz sportchi sifatida yuqori marralarni zabt etgansiz. Endi murabbiylik faoliyatingiz qanday kechayapti?  

–  Murabbiylik faoliyati yaxshi o‘tmoqda deya olaman. Bugunga qadar xalqaro musobaqalar, Osiyo chempionati, Islom birdamlik o‘yinlarida shogirdim Shuhrat Salayev oltin medalni qo‘lga kiritdi. Shuningdek, Diyor To‘xliboyev mamlakatimiz va xalqaro turnirlarda shohsupaga ko‘tarilmoqda. Hali ularning faoliyati davom etmoqda. Nasib qilsa, jahon va Olimpiya o‘yinlari chempioni bo‘ladi. Murabbiylik faoliyati qiyin bo‘lsa-da, doimo olg‘a intilishga xarakat qilmoqdaman. Maqsadim, shogirdlarim o‘zim erisha olmagan marralarni zabt etishidir. Bu maqsad yo‘lidan hech qachon ortga chekinmayman. Ayni kunlarda O‘zbekiston kattalar terma jamoasida murabbiy va “Nazaraliyev” klubida katta murabbiylik qilmoqdaman.

– Mamlakatimizda taekvondoni yanada rivojlantirish borasida murabbiy sifatida nimalar qilmoqdasiz?    

– Yurtimizda mazkur sport turini rivojlantirish uchun katta e’tiborni navqiron avlodga qaratmoqdamiz. Aniqroq aytadigan bo‘lsam, maktabgacha ta’lim muassasalarida, maktablarda va mahallalarda taekvondo to‘garaklarini ochmoqdamiz. Bundan maqsad, ular ushbu sport turiga bolalagidan mehri qo‘yadi va eng muhimi vaqtdan yutiladi. Ko‘zlangan ulkan maqsadlarga yoshligidan erishishga imkon bo‘ladi.

 

Javohir Toshxo‘jayev suxbatlashdi.