Joriy yilning 23 sentyabr – 8 oktyabr kunlari mamlakatimiz sportchilari Xitoyda o‘tkaziladigan “Xanchjou-2022” Osiyo o‘yinlarida vatanimiz sharafini himoya qiladi.
Boshlanishiga 31 kun qolgan qit’a o‘yinlarida mamlakatimiz sportchilari nechta sport turida qancha sportchi bilan ishtirok etadi? “Xanchjou-2022″da sovrinli o‘rinlarni egallagan sportchilarga davlatimiz tomonidan beriladigan mukofot pullarining miqdori qancha bo‘ladi? Shu kabi savollar ko‘pchilikni qiziqtirishi tabiiy hol, albatta.
Aytish lozim, davlatimiz rahbari tomonidan 2022 yilning 5 mayida imzolangan “2023 yilda Xanchjou shahrida (Xitoy) bo‘lib o‘tadigan XIX Osiyo o‘yinlari va IV Paraosiyo o‘yinlariga O‘zbekiston sportchilarini kompleks tayyorlash to‘g‘risida”gi qarorga asosan terma jamoalar, alohida sportchilar uchun barcha shart-sharoitlar to‘la-to‘kis yaratib berildi.
Ichki va xalqaro o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlari, zarur mablag‘, tibbiy ko‘mak, ijtimoiy va iqtisodiy qo‘llov hamma davrlardagidan-da yuqori bo‘ldi. Yaratilgan imkoniyatga munosib bo‘lish sportchilarimizning salohiyatiga, murabbiy-mutaxassislarning texnik-taktik harakatiga bog‘liq bo‘lib qolmoqda.
Qarorga asosan Osiyo va Paraosiyo o‘yinlarida oltin medalni qo‘lga kiritgan sportchilar 5 000 AQSH dollari miqdorida mukofotlansa, kumush va bronza medali sohiblari 3 ming va 2 ming AQSH dollari bilan, ularni tayyorlagan trenerlar 2500, 1500 hamda 1000 AQSH dollari bilan taqdirlanadi.
Bundan tashqari, Osiyo va Paraosiyo o‘yinlarida g‘olib va sovrindor bo‘lgan O‘zbekiston sportchilarini tayyorlagan boshqa mutaxassislar 2 000, 1 000, 500 AQSH dollari miqdorida har bir medal uchun bir martalik pul mukofotlari bilan rag‘batlantirilishi nazarda tutilgan.
Shuningdek, qarorga asosan “Xanchjou-2022” o‘yinlarida g‘olib va sovrindor sportchilar va ularni tayyorlagan trenerlar qo‘shimcha ravishda mahalliy byudjet mablag‘lari hisobidan quyidagi miqdorda bir martalik pul mukofotlari bilan rag‘batlantiriladi:
a) Osiyo va Paraosiyo o‘yinlarida g‘olib va sovrindor bo‘lgan O‘zbekiston sportchilari:
oltin medal uchun — bazaviy hisoblash miqdorining 300 baravari miqdorida;
kumush medal uchun — bazaviy hisoblash miqdorining 200 baravari miqdorida;
bronza medal uchun — bazaviy hisoblash miqdorining 100 baravari miqdorida rag‘batlantiriladi;
b) Osiyo va Paraosiyo o‘yinlarida g‘olib va sovrindor bo‘lgan O‘zbekiston sportchilarini tayyorlagan trenerlar:
oltin medal uchun — bazaviy hisoblash miqdorining 200 baravari miqdorida;
kumush medal uchun — bazaviy hisoblash miqdorining 100 baravari miqdorida;
bronza medal uchun — bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravari miqdorida.
Eslatib o‘tamiz, Xitoyda o‘tkaziladigan “Xanchjou-2022” Osiyo o‘yinlarida mamlakatimizning 400 nafardan ziyod sportchi yoshlari 39 ta sport turidagi bahslarda vatanimiz sharafini himoya qilishi kutilmoqda.
T.Ro‘ziyev, O‘zA