Legionerlarimizda nima gap?
Futbolchilarimiz so‘nggi yillarda dunyoning turli top klublari safida maydonga tushmoqda. Shu sababli ham o‘zbekistonlik futbol muxlislari hamyurtlarimiz ishtirok etayotgan turli chempionatlarni katta qiziqish bilan kuzatmoqda.
Hozirda yurtimiz futbol ixlosmandlari uchun eng katta qiziqish Eldor Shomurodovda ekani sir emas. Eldor hozirda “kuchli beshlik” chempionatlarida faoliyat yuritayotgan futbolchi. U bu yil ham faoliyatini “A” Seriyada davom ettirishidan xabaringiz bor. Shomurodov “A” Seriyaning birinchi turida “Kalyari” jamoasi safida “Torino” jamoasiga qarshi maydonga tushadi.
Eldor Shomurodovning sport formasi a’lo darajada, u bugungi o‘yinga tayyor. Ammo u “Torino”ga qarshi o‘yinga tushishi yoki tushmasligi haqida aniq ma’lumot berilmagan. Nima bo‘lgan taqdirda ham klub bosh murabbiyi Klaudio Raneri legionerimizga katta ishonch bildirgan. Eldor maydonga tushgan uchrashuvlarni golsiz tark etmasligiga umid bildiramiz.
“Kuchli beshlik” chempionatlarida ishtirok etayotgan yana bir umidli futbolchimiz Abduqodir Husanovdir. U garchi yosh bo‘lishiga qaramasdan Fransiya 1-ligasida “Lans” jamoasiga qabul qilindi. Biroq, jamoa yosh futbolchimizni ikkinchi turda ham maydonga tushirmadi va “Renn”ga qarshi uchrashuv 1:1 hisobida yakunlandi. Abduqodir o‘z imkoniyatlarini kutishda davom etadi.
Rossiya chempionati 5-turidan o‘rin olgan “Fakel” va “Nijniy Novgorod” jamoalari o‘rtasidagi o‘yin yakunlandi. Mazkur to‘qnashuvda maydon egalari 2:0 hisobida g‘alaba qozondi. O‘yinda hamyurtimiz Ibrohimxalil Yo‘ldoshev 83-daqiqada zaxiradan o‘yinga qo‘shilgan bo‘lsa, Ruslanbek Jiyanov qaydnomaga kiritilmadi.
Qozog‘iston Premer-ligasining 20-turidan o‘rin olgan “Ordabasi” — “Qayrat” uchrashuvida o‘zbekistonlik futbolchilar Bobir Abduxoliqov va Shahboz Umarov asosiy tarkibda maydonga tushdi. O‘yinda “Ordabasi” murabbiyi B.Abduxoliqovni 46-daqiqada, Sh.Umarovni 83-daqiqada zaxiraga oldi. Bahsda mezbonlar raqibini 1:0 hisobida mag‘lubiyatga uchratdi.
Turkiya Superligasida “Istanbul Bashakshexir” safida to‘p surayotgan Otabek Shukurov “Fotih Karagumruk”ga qarshi o‘tgan uchrashuvning 62-daqiqasida maydonga tushirildi. O‘yinda “Fotih Karagumruk” jamoasi 0:2 hisobida g‘alaba qozondi.
“Kuchli beshlik” chempinoatlarida tur bahslari
“Manchester Yunayted” Londondagi omadsizligini davom ettirishdan charchamayapti. Bu gal ular “Tottenxem”ga 0:2 hisobida mag‘lub bo‘ldi. Mankunianliklar Londondagi so‘nggi 10 o‘yinida faqatgina bir marta g‘alaba qozondi, shuningdek, 6 mag‘lubiyat va 3 durang qayd etdi. Undan tashqari, Londondagi so‘nggi 12 o‘yinda “MYU” eng kamida 1 tadan gol o‘tkazib yubormoqda. Qiziq, bu omadsizlik qachongacha davom etar ekan.
APLning 2-turida “Liverpul” futbolchisi Muhammad Salah “Bornmut” darvozasiga aniq zarba yo‘lladi. Mazkur gol Salah uchun “Liverpul” tarixida yangi sahifa ochishga sabab bo‘ldi. Aniqroq aytadigan bo‘lsak, misrlik futbolchi jamoa tarkibida APLning so‘nggi 10 o‘yinida gol yoki assist qayd etgan ilk futbolchiga aylandi.
Shuningdek, u bunday natijani 2015 yil Jeymi Vardidan keyin ilk marta takrorlagan futbolchi sifatida e’tirof etildi.
Ushbu turda “Vest Xem” o‘z maydonida “Chelsi” klubini jazoladi. Mezbonlar ushbu o‘yinda raqiblarini 3:1 hisobida yengdi. Mazkur natijadan so‘ng “Vest Xem” turnir jadvalida 6-o‘ringa chiqib oldi. “Chelsi” esa 15-pog‘onaga tushib ketdi.
“Roma” hujumchisi Andrea Belotti “A” Seriyasining birinchi turidan o‘rin olgan “Salernitana”ga qarshi bahsda dublga erishdi. Bu holatning e’tiborga molik jihati shundaki, bu gol rimliklar hujumchisi uchun chempionat doirasida o‘tkazgan 32 o‘yinidagi birinchisi bo‘ldi.
U 2022/23 yilgi mavsum oldidan poytaxt jamoasiga “Torino”dan o‘tgan, biroq bu vaqt ichida u atigi ikkita golli uzatma amalga oshirgan edi. Darvoqe “Roma” va “Salernitana” uchrashuvida 2:2 hisobi qayd etildi.
Nihoyat PSJ va Kilian Mbappe o‘rtasidagi kelishmovchiliklar barham topganga o‘xshaydi. Sababi 24 yoshli hujumchi ikkinchi turda penaltidan “Tuluza” darvozasini ishg‘ol qilib, jamoasining bir ochko olishiga ko‘maklashdi. Kilian bu voqeadan so‘ng, parijliklarga qarab “Jamoada qolaman!”, deya va’da berdi. Afsuski, bu xabar “Real Madrid” muxlislari uchun quvonchli bo‘lmasligi aniq.
Ispaniya chempionatining ikkinchi turidan o‘rin olgan “Barselona” va “Kadis” o‘rtasidagi uchrashuvda tarixiy voqea sodir bo‘ldi. Kataloniyaliklar bosh murabbiyi Xavi boshlang‘ich tarkibda Lamin Yamalni o‘yinga tushirdi. Yamal XXI asrda Ispaniya La-ligasida boshlang‘ich tarkibda maydonga tushgan eng yosh o‘yinchi sifatida tarixga kirdi. Ma’lumot uchun, “Barselona” ushbu o‘yinda 2:0 hisobida g‘alaba qozondi.
Saudiya Arabistonida shov-shuvlar tinmayapti
Bu yilgi yoz mavsumida eng qaynoq xabarlar Saudiya Arabistoni klublaridan kelmoqda. Ushbu mamlakat jamoalari kim o‘zarga o‘ynab, ko‘plab yulduzlarni Yevropadan Osiyoga ko‘chirishda davom etmoqda.
“Manchester Siti” himoyachisi Emerik Lyaport faoliyatini Saudiya Arabistonida davom ettirishi kutilmoqda. Uni “An-Nasr” o‘z tarkibiga qo‘shib olishga yaqin turibdi.
Ushbu transfer amalga oshsa, ispaniyalik futbolchi riyodliklar bilan 3 yillik shartnoma imzolaydi va “shaharliklar” 30 million yevro foyda ko‘radi. Lyaport esa yiliga 20 million yevro maosh oladi.
“Al-Hilol” muxlislari Neymarning o‘yinini yana bir muddat ko‘ra olishmaydi. Bu haqda “Al-Hilol” bosh murabbiyi Jorje Jezus xabar berdi. Unga ko‘ra, Neymar jarohat bilan kelgan. Uning mushaklarida muammo bor. U qachon maydonga va mashg‘ulotlarga qaytishi, o‘yinga tayyor bo‘lishi hozircha so‘roq ostida turibdi.
Ronaldu va Messi haqida ikki og‘iz…
So‘nggi yillarda ikki buyuk futbolchi – Ronaldu va Messi kutilmagan natijalar qayd etayotgani sir emas. Nomdor jamoalarni tark etgan ikki futbolchining keyingi faoliyati ham doimo futbol ixlosmandlari uchun qiziq.
“Inter Mayami” safiga ko‘chib o‘tgan Lionel Messi u yerda ham to‘purarlik mahoratini namoyish qilib kelmoqda. U AQSH va Meksika jamoalari ishtirokidagi Ligalar kubogida yettita o‘yinda maydonga tushib, har bir uchrashuvda raqib darvozasini ishg‘ol etmoqda. Musobaqa finalida “Neshvill” jamoasi Messidan gol o‘tkazgan dunyoning 105-jamoasi sifatida qayd etildi. Leo umumiy hisobda 120 ta jamoaga qarshi o‘ynagan va ulardan atigi 15 tasining darvozasiga yo‘l topa olmagan o‘yinchi sifatida tarixda qolmoqda. Uning faoliyati davom etayotir, bu esa yuqoridagi natijalar yanada ko‘payishidan dalolat beradi.
O‘z faoliyatini Osiyoda davom ettirayotgan Ronalduning so‘nggi kunlardagi natijalari qoniqarli emas. Saudiya Arabistoni chempionati ikkinchi turidan o‘rin olgan “An-Nasr” – “At-Ta’avun” o‘yinida mehmonlar 2:0 hisobida g‘alaba qozondi. Jamoasiga hech qanday yordam bera olmagan Ronaldu 3,9 ball to‘plab uchrashuvning eng yomon futbolchisiga aylandi.
Futbol olamidagi qaynoq yangiliklarni uza.uz saytida kutazib boring.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA muxbiri