Ochiq muloqotda qayd etilganidek, klaster tizimiga o‘tilgani natijasida qisqa vaqt ichida qishloq xo‘jaligida keskin o‘zgarishlar qilishga zamin yaratildi.

Xususan, o‘tgan olti yil ichida bir gektardan olinadigan paxta hosili 26 sentnerdan 34 sentnerga yetdi.

Paxta tolasini qayta ishlash 2,5 barobar oshib, 100 foizga yetkazildi, ip-kalava ishlab chiqarish – 2,2 barobar, tayyor mahsulot – 5 barobarga ortdi.

Kelgusi yilda sohadagi eksportni 1,5 barobar ko‘paytirib, 5 milliard dollarga yetkazish maqsad qilingan.

Hozirda paxta to‘qimachilik klasterlarida 600 mingga yaqin aholi doimiy daromad olib, mehnat qilmoqda.

Shu munosabat bilan klasterlarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari yanada kengaytiriladi.

Jumladan, klasterlarning aylanma mablag‘lari uchun bir yarim yil muddatga 3 trillion so‘m kredit ajratiladi.

Bundan tashqari:

– paxta va sun’iy tolani olib kelishda transport xarajatlarining 50 foizi qoplab beriladi;

– xomashyo, bo‘yoq va kimyoviy vositalar, furnitura, sovutish tizimlari va aksessuarlar uch yil muddatga bojxona bojidan ozod qilinadi.

O‘zA