Xalqaro kongress markazida Prezident Shavkat Mirziyoyev tadbirkorlar bilan ochiq muloqot o‘tkazmoqda.

Davlatimiz rahbari sodda soliq ma’murchiligi va byurokratiyasiz qulay muhit yaratish borasida muhim tashabbuslarni ilgari surdi.

–Sizdek shijoatli, ishbilarmon, tashabbuskor va fidoyi tadbirkorlarimiz safi karra-karra kengayishidan barchamiz birdek manfaatdormiz. Shu bois biz tadbirkorlarga soliq yukini ko‘paytirish emas, balki ularni qo‘llab-quvvatlash orqali soliq bazasini kengaytirish hisobiga byudjetga tushumlarni oshirish yo‘lidan borayapmiz.

O‘tkazilgan so‘rovlarda 62 foiz tadbirkorlar soliq sohasidagi islohotlarni ijobiy baholagan. Lekin biznes vakillari soliq tizimidan, soliqchilar faoliyatidan qanchalik rozi? Murakkab soliq ma’murchiligi, biznesga ortiqcha aralashish va tizimdagi korrupsiya holatlarining barchasidan xabarim bor,  – dedi davlatimiz rahbari.

Soliq tizimi tubdan isloh qilinib, soliq idoralari xodimlarining yondashuvlari butunlay o‘zgartirilishi ta’kidlandi. Soliq ma’murchiligi ham soddalashadi.

O‘zA