Toshkentning “Humo” jamoasi ayni kunlarda Belarusda o‘tkazilayotgan Yevroosiyo do‘stlik kubogi musobaqalarida ishtirok etmoqda.
Aytish lozim, Belarus, Rossiya, Qozog‘iston va O‘zbekiston klublari ishtirokidagi yangi xalqaro turnir ikki bosqichda o‘tkaziladi.
Birinchi bosqich saralash turniri joriy yilning 16-19 avgust kunlari Belarusning Grodno shahrida bo‘lib o‘tishi belgilangan bo‘lib, bahslarda Belarusning “Neman”, Rossiyaning “Sokol”, Qozog‘istonning “Nomad” va O‘zbekiston sharafini himoya qilayotgan “Humo” jamoasi qatnashmoqda.
Ilk bosqichda birinchi va ikkinchi o‘rinlarni egallagan jamoalar 2023 yilning 23 va 24 dekabr kunlari Belarusning Jlobin shahrida o‘tadigan “Kuchli to‘rtlik” finalida ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritadi.
Turnirning birinchi bosqichidagi ikkita omadli jamoa dekabr oyida o‘tadigan ikkinchi bosqichda Rossiya va Belarus davlatlarining “Metallurg-Jlobin” va “Ximik” (Voskresensk) jamoalari bilan g‘olib va sovrindorlarni aniqlaydi.
Kecha turnirning ikkinchi turidan o‘rin olgan musobaqada “Humo” jamoasi xokkeychilari Qozog‘istonning “Nomad” klubi bilan kuch sinashdi.
Birinchi turda Belarusning “Neman” jamoasiga 3:1 hisobida imkoniyatni boy bergan hamyurtlarimiz Qozog‘iston chempionatining amaldagi g‘olibi bilan kechgan o‘yinda 2:1 hisobida g‘alabaga erishdi.
Musobaqaning 1-turida “Sokol”-“Nomad” jamoalari to‘qnashuvida Rossiya jamoasi 5:2 hisobida muvaffaqiyatga erishgandi.
Hozirda ortda qolgan 1-tur o‘yinlari sarhisobiga ko‘ra, Qozog‘iston jamoasidan tashqari barcha jamoalarda bittadan g‘alaba ustunligi mavjud.
Ertaga, 19 avgust kuni Toshkent jamoasi Rossiya sharafini himoya qilayotgan “Sokol” jamoasiga qarshi maydonga tushadi. Aynan ushbu uchrashuv hamyurtlarimizning keyingi bosqichga chiqish masalasiga oydinlik kiritadi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA