Poytaxtimizda “O‘zbekistonda xotin-qizlarning huquqlarini ta’minlash va oilaviy zo‘ravonlikning oldini olishning dolzarb masalalari” mavzusida Respublika ilmiy-amaliy anjumani bo‘lib o‘tdi.

Mazkur konferensiya O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 12 maydagi “Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qabul qilinganligining 75 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi farmoni ilovasi bilan tasdiqlangan tadbirlar dasturi asosida tashkil etildi.

O‘zbekiston Respublikasi Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi huzuridagi Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Ozoda Parpiboyeva, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari Zulayho Mahkamova va boshqalar oila, onalar va bolalarni ijtimoiy, huquqiy jihatdan  himoyalash masalasi dolzarb ahamiyat kasb etayotganini ta’kidladi.

Darhaqiqat, oilaviy zo‘ravonlik nainki muayyan shaxslarga, balki, oila, jamiyatning tanazzulga yuz tutishiga sababchi bo‘luvchi o‘ta salbiy illatdir. Mamlakatimizda keyingi yillarda oilaviy zo‘ravonlikning oldini olish bo‘yicha milliy qonunchilikni yanada takomillashtirish masalasiga katta e’tibor qaratilmoqda. Shunga qaramay, ba’zan ayollarning, bolalarning zo‘ravonlikka uchrashidek holatlar hamon yuz berayotgani bilan sira murosa qilib bo‘lmaydi.

Bu boradagi muammolarni hal etishda xotin-qizlar faollari, mahalla, huquq-tartibot idoralarining faoliyati samaradorligini oshirish, ularning o‘zaro hamkorligini kuchaytirish dolzarb ahamiyat kasb etmoqda.

Konferensiyada “Gender zo‘ravonlikni sodir etgan yoki sodir etishga moyil bo‘lgan shaxslar bilan kompleks ish olib borishning ctandart operatsion ish tartiblari” loyihasi taqdimoti bo‘lib o‘tdi.

Shu bilan birga, “Tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilishga qaratilgan choralar, amalga oshirilgan ishlar, mavjud muammolar”, “Zo‘ravonlikka moyilligi bo‘lgan oilalarni vaqtida aniqlash va ular bilan manzili ishlash mexanizmlari”, “Bolalarga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlik uchun qonunchilikka belgilangan javobgarlik, qonunlar ijrosi holati, huquqni qo‘llash amaliyotini takomillashtirish” kabi mavzuga oid dolzarb masalalar muhokama qilindi.

Xotin-qizlar huquqlarini ta’minlash sohasidagi mavjud muammolar va ularning yechimlari bo‘yicha takliflar umumlashtirildi.

Nazokat Usmonova,

Alimurod Mamadaminov (suratlar), O‘zA