AQSH sobiq Prezidenti Donald Trampga to‘rtta jinoiy ish doirasida jami 91 ta ayblov e’lon qilindi. Uning o‘zi ayni harakat jiddiy raqib Oq uyga qaytishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadini ko‘zlaydi, deya baholagan.

Kuni kecha Atlanta va Jorjiya katta hakamlar hay’ati Tramp ishiga 2020 yildagi saylovda mag‘lub shtatlar mansabdorlariga vaziyatni o‘z foydasiga o‘zgartirishni talab qilib, bosim o‘tkazgani uchun 13 ta ayblov tirkashdi.

Vashingtonda esa saylov yakunini qayta ko‘rib chiqish uchun yalpi federal ish muhokama etilmoqda. Buning natijasida yana to‘rtta ayb “taqdim” etiladi.

Mayami va Floridada yana bir federal ish ko‘rib chiqilmoqda: sobiq Prezident vakolati tugashiga qaramay, Oq uydan maxfiy hujjatlarni olib chiqib, yashirgan. Qolaversa, ayblov ro‘yxatiga uning davlat sirini oshkor qilib, tergovga halaqit bergani ham qo‘shimcha qilingan. Bu ish 40 ta ayblov ko‘rinishida rasmiylashtirilgan.

Qonun himoyachilari ta’kidlashicha, Donald Nyu-Yorkda ham bir talay qonunbuzarlik amalga oshirgan, ya’ni o‘zini fosh qiluvchi ma’lumotlarni yashirish uchun pul taklif qilgan va hokazo. Ikkinchi poytaxtda sobiq rahbar 34 ta ayb bilan gumonlanmoqda.

Tramp uchun eng og‘ir band 20 yillik qamoq jazosi hisoblanadi. Agar barcha bandlar bo‘yicha muddat jamlansa, Oq uyning sobiq xo‘jayini bir necha yuz yil davomida tashqi dunyoni panjara ortida kuzatib o‘tirishiga to‘g‘ri keladi.

Vashington va Mayamidagina avfga umid uyg‘onishi mumkin. Mabodo, u 2024 yil saylovda g‘alaba qozonsa, Prezident sifatida o‘zini-o‘zi avf etish huquqini qo‘lga kiritadi.

Nyu-York va Atlantada sud federal emas, shtat darajasida o‘tayotgani sababli bunday imkoniyat yuzaga kelmaydi.

So‘nggi xabarlarga qaraganda, Fulton okrugi prokurori Donald Trampning 2020 yil saylovga aralashishi bilan bog‘liq sud jarayonini 2024 yil 4 martda boshlashni taklif qilgan. Ta’kidlanishicha, jarayon saylovchilar bir vaqtning o‘zida 14 shtatdagi praymerizda ovoz beradigan “Super seshanba” arafasida boshlanishi kerak. Shtat delegatlari boshqa kunlarga qaraganda ko‘proq saylanadigan bu kun barcha nomzodlar uchun muhim ahamiyatga ega.

Prokurorlar avvalroq Tramp va shu ish bo‘yicha ayblanganlarga 25 avgustdan kechikmay sudga kelishni buyurgan edi. Zero, hakamlar hay’ati ayblov xulosasidan tashqari, ularni hibsga olish uchun order berishga ham rozi bo‘lgan.

Tabiiyki, Tramp o‘ziga qo‘yilgan hech bir aybni tan olmayapti, aybsizligini, sud ta’qibi uning kampaniyasiga halaqit berishga urinish ekanini tinmay ta’kidlab kelmoqda.

Xullas, Tramp 2024 yil Prezident saylovida qatnashib, g‘alabaga erishsa, boshiga tushgan bu “ko‘rguliklar”ga uzil-kesil nuqta qo‘yish imkoniga ega bo‘ladi. Hozircha milliarder bo‘lsa-da, u oddiy fuqaro. Sobiq prezidentlik maqomi qonun ustivorligi oldida hech qanday ahamiyat kasb etmaydi. Demak, hamma umid navbatdagi saylovdan. Inchunun, Amerika qonunchiligida sudlangan kishi ham prezidentlikka nomzodini ko‘rsatishi mumkin.

S.Rahimov, O‘zA