Amalda bunga qanday rioya qilinmoqda?
Ochiqlik va oshkoralik tamoyiliga rioya etish bo‘yicha Oliy Majlis Senatida yaxshi an’ana yo‘lga qo‘yilgan. Har bir yalpi majlis internet tarmoqlari orqali jonli efirga uzatilgan holda o‘tkazilmoqda.
Davlatimiz rahbarining 2021 yil 16 iyundagi “Davlat organlari va tashkilotlarining faoliyati ochiqligini ta’minlash, shuningdek, jamoatchilik nazoratini samarali amalga oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i kengesi, xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar kengashi sessiyalarini telekanallar, shuningdek, internet tarmog‘i orqali jonli efirga uzatishni ta’minlash belgilangan.
Farmon bilan qo‘yilgan talab amalda qanday bajarilmoqda?
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi mazkur tartibning mahalliy kengashlar tomonidan 2023 yil birinchi yarim yilligida ijro etilishi holati bo‘yicha o‘rganish o‘tkazdi.
Bunda kengashlar tomonidan taqdim etilgan ma’lumotlarning haqqoniyligi, ya’ni kengash sessiyalari (yopiq majlislar bundan mustasno) muhokamasiga kiritilgan kun tartibidagi har bir masala hamda uzluksiz jonli efirga uzatilish holatlariga alohida e’tibor qaratildi.
Sessiyalar to‘g‘risida e’lon qilingan qisqa xabarlar yoki foto va videoreportajlar farmon talablari ijrosini ta’minlamaganlik sifatida baholandi.
Masofaviy monitoring tartibida translyatsiyalarning sifati va to‘liqligi ham o‘rganildi.
Aniqlanishicha, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar kengashlari tomonidan jami 102 sessiya o‘tkazilgan. Ulardan 39 foizi mahalliy telekanallar yoki internet tarmog‘i orqali jonli efirga uzatilgan, xolos.
Misol uchun, xalq deputatlari Xorazm, Jizzax, Namangan, Farg‘ona viloyati va Toshkent shahar kengashlari tomonidan o‘tkazilgan birorta sessiya jonli efirga uzatilmagan.
O‘rganish davomida jonli efirga uzatilmagan sessiyalar aksariyati viloyat hokimligining rasmiy veb-sayti yoki ijtimoiy tarmoqlardagi rasmiy sahifalari (facebook, instagram, telegram)da xabar va yangilik sifatida e’lon qilib kelingan.
Shuningdek, xalq deputatlari shahar va tuman kengashlari sessiyalarining jonli efirga uzatilishi holati ham tahlil qilindi.
Aniqlanishicha, xalq deputatlari shahar va tuman kengashlari tomonidan respublika bo‘yicha jami 1 ming 676 sessiya o‘tkazilgan bo‘lib, ulardan 405 tasi, ya’ni 24 foizi mahalliy telekanallar yoki internet tarmog‘i orqali jonli efirga uzatilgan, xolos.
Jonli efirga uzatilmagan aksariyat sessiyalarni tuman (shahar) hokimligi rasmiy veb-sayt yoki ijtimoiy tarmoqlardagi rasmiy sahifalar (facebook, instagram, telegram)da xabar va yangiliklar shaklida e’lon qilish bilan kifoyalanilgan.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi o‘rganish yakunlari bo‘yicha tegishli idoralarga taqdimnoma kiritdi.
N.Abduraimova, O‘zA