Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Milliy gvardiya matbuot xizmati tomonidan brifing tashkil etildi.

Qayd etilishicha, bugunga qadar mamlakatimizdagi 14 ta Mehribonlik uyi, 4 ta Bolalar shaharchasi va 5 ta Bolalar uyi (go‘daklar)ning faoliyati tugatilgan. Mehribonlik muassasalarini bitirgan 225 nafar tarbiyalanuvchining bandligi ta’minlangan. Ulardan 20 nafari Milliy gvardiya xizmatiga, 85 nafari muddatli harbiy xizmatga qabul qilingan. 850 nafari kasbga yo‘naltirish maqsadida o‘quv kurslarda o‘qitilgan.

Oliy ta’lim muassasalariga 2022-2023 o‘quv yili uchun Davlat komissiyasining tegishli Bayoniga muvofiq, 25 yoshgacha bo‘lgan 790 nafar o‘g‘il-qiz qo‘shimcha kvota asosida o‘qishga qabul qilingan. Jamoat xavfsizligi universitetida 460 nafar tutingan ota-onalar o‘qitilib, ularga sertifikatlar topshirilgan. Sog‘liqni saqlash tizimidagi 13 ta Go‘daklar uylarida 531 nafar bola tarbiyalangan.

Shuningdek, 2021 yilda 710 nafar, 2022 yilda 388 nafar yashash joyiga muhtoj yetim bolalar to‘liq jihozlangan turar joy bilan ta’minlangan. 2023 yil mobaynida 424 nafariga turar joy ajratish rejalashtirilgan.

Noturar va yashash uchun mo‘ljallanmagan joylarda yashayotgan jami 248 nafar 30 yoshgacha bo‘lgan sobiq bitiruvchilardan 2023 yilda 131 nafari, 2024 yilda 117 nafari “Mehr daftari” jamg‘armasi mablag‘idan yangi turar joylar bilan ta’minlanadi. Bugungi kunda 2023 yil hisobidan 87 nafariga uy-joy berilgan.

Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA