O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi “Vazirlar Mahkamasining “Qonun hujjatlari buzilganligi uchun ushlangan transport vositalarini to‘xtash joylariga olib kelish, joylashtirish va saqlash tartibini takomillashtirish to‘g‘risida” 2011 yil 25 maydagi 149-son qaroriga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida” qaror qabul qildi.
Unga ko‘ra, 2024 yil 1 yanvardan boshlab qonun hujjatlari buzilganligi uchun vakolatli davlat organlari tomonidan ushlangan transport vositalarini saqlash xizmatlarini ko‘rsatuvchi yuridik shaxslar O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Jamoat xavfsizligi departamenti Yo‘l harakati xavfsizligi xizmatining Yagona avtomatlashtirilgan axborot tizimi orqali ochiq tanlov asosida tanlab olinadi.
Qonun hujjatlari buzilganligi uchun vakolatli davlat organlari tomonidan ushlangan transport vositalarini to‘xtash joylariga olib kelish, joylashtirish, saqlash, hisobini yuritish va olib chiqib ketishga ruxsat berish YHXXning yagona axborot tizimiga hamda ushlash vakolatiga ega bo‘lgan davlat organlariga integratsiya qilingan “Jarima maydonchasi” axborot tizimi orqali amalga oshiriladi.
Transport vositalarini to‘xtash joylariga olib kelish (tashish) hamda saqlash bo‘yicha ko‘rsatiladigan xizmatlar uchun to‘lovlar miqdori Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan belgilanadi.
Transport vositalarini to‘xtash joylaridan olib chiqish uchun barcha to‘lovlar (jarima maydonchasi va huquqbuzarlik uchun jarimalar) elektron shaklda amalga oshiriladi.
Vakolatli davlat organlari tomonidan ushlangan transport vositalarini to‘xtash joylaridan olib chiqishga ruxsatnoma saqlash xizmatlari ko‘rsatuvchi yuridik shaxslarga elektron shaklda taqdim etiladi.
Mazkur qaror qabul qilingunga qadar qonun hujjatlari buzilganligi uchun ushlangan transport vositalarini saqlash xizmatlarini ko‘rsatuvchi yuridik shaxslar bilan tuzilgan shartnomalar 2024 yil 1 yanvarga qadar o‘z kuchini saqlab qoladi.
O‘zA