Avtomobil yo‘llari qo‘mitasida Prezident huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi rahbariyati ishtirokida muloqot tashkil etildi. Bu haqda Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi matbuot xizmati xabar qilmoqda.
Uchrashuv davomida tizimda mehnat qilayotgan kadrlar malakasini bosqichma-bosqich oshirish, vakant lavozimlar o‘rnini ochiq tanlov asosida to‘ldirish, xodimlarning ish samaradorligini yaxshilash bo‘yicha KPI indikatorlarini ishlab chiqish masalalari muhokama qilindi.
Mas’ul rahbarlar sohada raqamli texnologiyalarni joriy etish va mehnat samaradorligini oshirish bo‘yicha fikr almashdi.
Uchrashuvda qo‘mitaning rahbar-kadrlari, jumladan markaziy apparat tarkibiy tuzilmalari hamda hududiy boshqarma boshliqlarining nazariy va amaliy bilimlarini oshirish, jamoada samarali ishlash ko‘nikmalarini rivojlantirish maqsadida seminar-treninglar tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Shuningdek, maqsadli kadrlar zaxirasini shakllantirish uchun xodimlarning kelgusida avtomobil yo‘llari sohasi bo‘yicha dunyoning yetakchi universitetlarida ta’lim olishi hamda stajirovka o‘tashi masalalari muhokama etildi.
N.Usmonova,
O‘zA