Futbol xabarlari
Osiyo chempionlar ligasi saralash bosqichidan o‘rin olgan OKMK – “As-Sib” bahsi 1:0 hisobida yakunlandi. Uchrashuvning 47-daqiqasida Xurshid G‘iyosov burchak zarbasidan qaytgan to‘pni darvozaga aniq yo‘llab hisobni ochdi. Shu tariqa jamoasi g‘alabasini ta’minladi. Ikkinchi bo‘limning 74-daqiqasida OKMK futbolchisi Martin Boakega hakam tomonidan qizil kartochka ko‘rsatildi.
Shu tariqa, Mirjalol Qosimov shogirdlari keyingi bosqichga yo‘l oldi va Qatarning “Al Arabi” klubi bilan bahslashadigan bo‘ldi.
Pley-off bosqichi doirasidagi “Shabab Al-Ahli” – “Al-Vehdat” uchrashuvida 3:0 hisobi qayd etildi. O‘yinda hamyurtimiz Aziz G‘aniyevning standart vaziyatdan yo‘llagan zarbasi orqali hisob ochilgan bo‘lsa, legionerimizning uzatmasidan so‘ng Renan oradagi farqni yanada oshirdi. 86-daqiqada Dabbur 3-golga mualliflik qildi.
A.G‘aniyev jamoasi Ronaldu boshchiligidagi “An-Nasr”ga qarshi o‘yin o‘tkazadi. Ushbu bahs g‘olibi guruh bosqichida o‘ynash huquqini qo‘lga kiritadi.
Xabaringiz bor, kuni kecha PSJ klubi a’zosi braziliyalik Neymar faoliyatini Saudiya Arabistoni chempionatida davom ettirishi haqida xabar tarqaldi. U “Al-Hilol” bilan 2025 yilga qadar mo‘ljallangan shartnomaga imzo chekdi. Ushbu kelishuv klub uchun 100 million yevroga tushdi.
Shuningdek, “Al-Hilol” Neymar uchun yiliga 160 million yevro maosh to‘laydigan bo‘ldi.
Bu hammasi emas, riyodliklar PSJ darvozaboni Keylor Navas va yarim himoyachi Marko Verattiga ham ko‘z tikmoqda. Ushbu o‘yinchilarning transferi haqida aniq ma’lumotlar berilmagan.
Superligada ikki grand to‘qnash keldi
O‘zbekiston Superligasi 11-turda qoldirilgan “Nasaf” – “Paxtakor” bahsi kuni kecha o‘tkazildi. Teng kurashlar ostida o‘tgan uchrashuvda hisob ochilmadi va har ikki jamoa 1 ochkoni qo‘lga kiritdi. Eslatib o‘tamiz, “Paxtakor” ushbu uchrashuvdan so‘ng 35 ochko to‘plagan holda karvonboshilik qilayotgan bo‘lsa, “Nasaf” 29 ochko bilan 4-o‘rinda joyini mustahkamladi.
Bugun Yevropaning eng kuchli klubi aniqlanadi
Bugun Gretsiyadagi “Karaiskakis” stadionida Chempionlar ligasi va Yevropa ligasi g‘oliblari o‘rtasida UEFA Superkubogi uchun bahs bo‘lib o‘tadi. Unda “Manchester Siti” va “Sevilya” o‘zaro raqobatlashadi.
O‘yin Toshkent vaqti bilan soat 00:00 da boshlanadi.
Eslatib o‘tamiz, “Sevilya” o‘z tarixida jami 6 marta UEFA Superkubogida ishtirok etgan va 2006 yilda ushbu sovrinni qo‘lga kiritgan. “Manchester Siti” uchun esa ushbu bahs UEFA Superkubogi doirasidagi ilk o‘yin hisoblanadi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA muxbiri