Osiyo futbol konfederatsiyasi Ijroiya qo‘mitasining navbatdagi yig‘ilishida klublar o‘rtasida uchta yangi musobaqalar nomini e’lon qilish, ishtirokchi jamoalarni moliyalashtirishni sezilarli darajada oshirish, shuningdek, ayollar o‘rtasida Osiyo chempionlar ligasini joriy etish masalalari ko‘rib chiqildi.
Unda OFK Ijroiya qo‘mitasining Markaziy Osiyo mintaqasi vakili, O‘FA birinchi vitse-prezidenti Ravshan Ermatov ishtirok etdi. Yig‘ilishda Osiyo futboli uchun yangi davr boshlanayotgani e’tirof etildi. Jami 76 ta klubni qamrab oluvchi yangi musobaqalar 2024/2025 yilgi futbol mavsumidan boshlab o‘tkazilishi ma’lum qilindi.
Mazkur musobaqalar bilan quyida tanishasiz:
1. OFK Elita Chempionlar ligasi – (Jami 24 ta klub ishtirok etishi ko‘zda tutilmoqda);
2. OFK Chempionlar ligasi 2 – (Jami 32 ta klub ishtirok etishi ko‘zda tutilmoqda);
3. OFK Chaqiruv ligasi (AFC Challenge League) – (Jami 20 ta klub ishtirok etishi ko‘zda tutilmoqda).
Qayd etilishicha, OFK Elita Chempionlar ligasi g‘oliblari jami 12 million AQSH dollari miqdorida mukofotlanishi rejalashtirilgan.
Bundan tashqari, O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi matbuot xizmatining xabar berishicha, OFK tomonidan 2021 va 2022 yillarda ayollar klublari o‘rtasida ikkita sinov tariqasidagi Osiyo chempionati muvaffaqiyatli tashkil etildi. Uchinchisi shu yil oxirida tashkillashtirilishi kutilmoqda.
OFK Prezidenti Shayx Salmon ayollar o‘rtasidagi Chempionlar ligasi musobaqasi haqida to‘xtalib, ayollarning iqtidorini namoyish etish uchun platforma yaratish – tashkilot strategiyasiga mos keladigan muhim qadamligini va bu musobaqa Osiyo futbolida ayollarning imkoniyatlarini kengaytirib, ayollar o‘yinining o‘sishiga ijobiy ta’sir ko‘rsatishini ta’kidladi.
Yig‘ilish davomida shuningdek, OFK Tibbiyot qo‘mitasi, OFK Hakamlar qo‘mitasi, OFK Moliya qo‘mitasi va OFK huquq qo‘mitasining yaqinda qabul qilingan qarorlari OFK Ijroiya qo‘mitasi tomonidan ratifikatsiya qilindi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA