“Anadolu” xabariga ko‘ra, dushanba kuni Amerika Qo‘shma Shtatlari Ukrainaga jami 200 million dollar qiymatda navbatdagi harbiy yordam ko‘rsatilishini e’lon qildi. Bu haqda Davlat kotibi Entoni Blinken ma’lum qilgan.

Mamlakat zaxirasidagi qurollarni keyinchalik Ukrainaga topshirish uchun olib qo‘yish imkonini beruvchi Prezident boshqaruvi mexanizmi asosida taqdim etiladigan ayni ko‘mak ro‘yxatida havo hujumidan mudofaa tizimi uchun o‘q-dori, artilleriya snaryadi, tankka qarshi qurol va minadan tozalash vositalaridan bor.

Keyinchalik Pentagon aniqlik kiritishicha, bu gal Ukrainaga “Patriot” va “HIMARS” tizimi uchun qo‘shimcha o‘q-dori, 155 va 105 millimetrli artilleriya snaryadi, 120 mmli tank o‘q-dorisi, “TOW” raketasi, tankka qarshi “Javelin” tizimi va jihoz tashishga mo‘ljallangan 37 ta taktik mashina yuboriladi.

Shuningdek, jamlanmada 58 ta suv tirkamasi, 12 milliondan ortiq o‘q-dori, minadan tozalash uskunasi va tizimi, to‘siqni tozalash snaryadi va jihozlar uchun ehtiyot qismlar ham mavjud.

Blinken ta’kidlashicha, Qo‘shma Shtatlar Rossiya Ukrainadan qo‘shinlarini olib chiqmaguncha Ukrainani qo‘llab-quvvatlashda davom etadi.

 

O‘zA