O‘tmishda yashagan ko‘plab alloma ajdodlarimizning tasviriy qiyofasi yoki surati bizgacha yetib kelmagan. Ana shunday sharoitda fan tarixchilari, islomshunoslar va tasviriy san’at vakillarining hamkorligi alohida ahamiyat kasb etadi.
So‘nggi o‘rta asrlarda yaratilib, bizgacha yetib kelgan miniatyuralar, turli tarixiy asarlardagi tegishli shaxslarning chehrasi, yuz tuzilishi, bo‘y-basti, alohida belgilari haqidagi tavsiflar mazkur bo‘shliqni ma’lum darajada to‘ldiradi. Tadqiqotchi-olimlar tomonidan aniqlashtirilib, rassomlarga havola etilgan bunday ma’lumotlar ko‘rgazmalar uchun katta ilmiy-tarixiy ahamiyatga ega va tasviriy san’at asarlarining manba asosini tashkil etadi.
Masalaning muhim jihati shundaki, namunaviy siymolari tasvirlangan olimlarning deyarli barchasi O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi binosi foyesi uchun yaratilayotgan ulkan hajmli mahobatli rangtasvir asarlari va Markaz tarkibida shakllantirilayotgan muzey eksponatlarida o‘z aksini topadi.
Bu ularning imkon qadar haqiqatga yaqin va eng baland badiiy talablar darajasida bo‘lishini taqozo etadi. Binobarin, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi va O‘zbekiston badiiy akademiyasi ham ilmiy, ham keng jamoatchilikning tasviriy asarlar bo‘yicha fikrini o‘rganish hamda tahlil qilish asosida ularni yanada takomillashtirishni rejalashtirgan.
Bugun O‘zbekiston Badiiy akademiyasining Toshkent fotosuratlar uyida “Buyuk mutafakkirlarimiz siymolari” mavzusida ko‘rgazma tashkil etildi. O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi tashabbusi bilan tashkil etilgan ushbu ko‘rgazmada buyuk allomalarimizning mo‘yqalam ustalari tomonidan chizilgan yangi portretlari namoyish etildi.
Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali ibn Sino, Al Xorazmiy, Mahmud Koshg‘ariy, Yusuf Xos Hojib, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Abu Nasr Forobiy, Abu Lays Samarqandiy, Najmiddin Kubro, Amir Temur, Abdurahmon Jomiy, Mirzo Ulug‘bek, Ali Qushchi, Bahouddin Naqshbandiy, Husayn Boyqaro, Shayboniyxon, Zahiriddin Muhammad Bobur, Amiriy, Ogahiy, Nodirabegim kabi siymolarimiz portretlari shular jumlasidandir.
Ko‘rgazma O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 16 iyuldagi “O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi faoliyatini yanada takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori bilan tasdiqlangan “Yo‘l xaritasi”da belgilangan vazifalardan kelib chiqib tashkil etilgan bo‘lib, yo‘l xaritada Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Hakim Termiziy, Abu Mansur Moturidiy, Abul Muin Nasafiy, Abdulxoliq G‘ijduvoniy, Najmiddin Kubro, Burhoniddin Marg‘inoniy, Bahouddin Naqshband kabi diniy ulamolar, Ahmad Farg‘oniy, Abu Nasr Forobiy, Mahmud Zamaxshariy, Ali Qushchi va boshqa buyuk olimlarning namunaviy siymosini (ikonografiyasini) yaratish vazifasi belgilangan edi.
O‘tgan davrda mazkur vazifa ijrosi bo‘yicha soha olimlari va taniqli rassomlar hamkorligida diqqatga sazovor ishlar amalga oshirildi. Ularning amaliy natijasi bugunga qadar yaratilgan qirqdan ziyod portretlarda o‘z ifodasini topdi.
“Buyuk mutafakkirlarimiz siymolari” mavzusida tashkil etilgan mazkur ko‘rgazmada tasviriy san’at ustalari mo‘yqalami bilan chizilgan qirqdan ortiq diniy allomalar hamda aniq va tabiiy fanlarni rivojlantirishga benazir hissa qo‘shgan olimlarning portretlari ko‘rgazmasi ochildi.
– Xalqimizga ilk marta taqdim etilayotgan rangtasvir asarlarining tarixiy haqiqatga nechog‘lik yaqinligi, ularning badiiy jihatlari chin ma’noda barchani qiziqtirdi. Shu bois ayrim bahsli o‘rinlari haqida foydali fikr-mulohazalar bildirildi. Taklif va tavsiyalardan kelib chiqib, kelgusida allomalarimiz siymosi aks etgan shu kabi yanada mukammal portretlar yaratilishidan umid qilamiz, – deya fikr bildirdi “Oʼzbekiston tarixi” telekanali direktori, filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori Shuhrat Hayitov.
Ko‘rgazmada mutaxassis olimlar tomonidan rassomlarga tarixiy shaxslar siymosini yaratishda e’tibor qaratilishi lozim bo‘lgan jihatlar haqida qo‘shimcha tavsiyalar berildi.
Abdulaziz Rustamov, O‘zA