Shu kunlarda Belarus Respublikasining 11 ta shahrida II MDH o‘yinlari bo‘lib o‘tmoqda.
O‘yinlarning ortda qolgan beshinchi kunigacha MDH o‘yinlarining 96 ta medallar jamlanmasi o‘z egalariga topshirildi. Natijalarga ko‘ra, 59 ta oltin, 43 ta kumush, 23 ta bronza medalini qo‘lga kiritgan Rossiya jamoasi umum jamoada yetakchilik qilmoqda. 2-o‘rinda borayotgan Belarus Respublikasi vakillarida 24 ta oltin, 24 ta kumush, 46 ta bronza medallari mavjud.
22 ta ishtirokchi davlat orasida 3-o‘rindan joy olgan O‘zbekiston terma jamoasi 8 ta oltin, 13 ta kumush, 17 ta bronza medalini qo‘lga kiritdi. MDH o‘yinlarining 8 avgust kungi musobaqalarida o‘zbekistonlik sportchilar 5 ta medalga musharraf bo‘ldi.
Sport jamoamiz og‘ir atletika, yengil atletika, kamondan otish sport turlarida 1 ta oltin, 2 ta kumush va 2 ta bronza medallarini qo‘lga kiritdi. Og‘ir atletikachimiz Tursunoy Jabborova oltin, yengil atletikachimiz Azizbek Xudoyberdiyev va og‘ir atletika sport turida Rigina Adashboyeva kumush, og‘ir atletikachimiz Sunatilla O‘sarov hamda S. Jo‘raqulova, J. Nurmonova, D. Fatixova, O. Ergashevadan iborat kamonchilarimiz jamoaviy dasturda bronza medallari sohibiga aylandi.
Bugun, 9 avgust kuni mamlakatimiz sportchilari og‘ir atletika, boks, erkin kurash, voleybol, mini-futbol, gandbol, zamonaviy besh kurash, kamondan otish, miltiqdan otish, muay-tay yo‘nalishidagi musobaqalarda ishtirok etadi.
Eslatib o‘tamiz, II MDH o‘yinlari 14 avgustga qadar davom etadi.
T. Ro‘ziyev, O‘zA