O‘zbekiston og‘ir atletika terma jamoasi Belarusda bo‘lib o‘tayotgan II MDH sport o‘yinlariga yo‘l olgan jamoalarimiz orasida yetakchilardan biri ekanligiga shubha yo‘q. Zero, mazkur sport anjumani boshlangandan buyon tosh ko‘taruvchi polvonlarimiz delegatsiyamiz hisobiga har kuni uzluksiz ravishda sovrinli o‘rinlarni taqdim etib kelmoqda.
Kecha ham ushbu yoqimli an’ana buzilmadi. 81 kg vazn tofiasida qayd etilgan sportchimiz Nursulton Yesbergenov medallar uchun murosasiz kurash olib borgan 9 nafar atlet orasida munosib natija ko‘rsatdi. Dast ko‘tarishda 150, siltab ko‘tarishda 178 kg og‘irlikdagi shtangani o‘ziga bo‘ysindirgan vakilimiz rossiyalik ikki kuchli raqibidan keyin 3-o‘rinni egalladi. Ikkikurashda shohsupaga ko‘tarilgan uch sportchi – Vyacheslav Yarkin 333, Ramzan Janxotov 331, Nursulton Yesbergenov 328 kg natija ko‘rsatgani g‘oliblik uchun kurash naqadar keskin davom etganidan dalolat.
Shu tariqa og‘ir atletikachilarimiz umumjamoa jamg‘armamizga yana bir bronzani qo‘shib qo‘yishdi. Shu guruhda qatnashgan yana bir vakilimiz Og‘abek To‘xtayev 5-o‘rin bilan kifoyalandi.
G‘ayrat Xonnazarov, O‘zA
Minsk, Belarus