Belarusning 10 ta shahrida bo‘lib o‘tayotgan II MDH o‘yinlari doirasida kechagi kun ham O‘zbekiston delegatsiyasi uchun sermahsul kechdi. Mazkur nufuzli sport anjumanini bevosita yoritib borayotgan O‘zA ijodiy jamoasi hamyurtlarimiz ishtiroki to‘g‘risida o‘quvchilarga baholi qudrat ma’lumot yetkazishga harakat qilyapti.

Kecha kun yakunida dzyudo, yengil atletika, og‘ir atletika sport turlari bo‘yicha sportchilarimiz 2 ta oltin, 4 ta kumush va 8 ta bronza medallarga sazovor bo‘lishdi. Jamoamizga navbatdagi oltin medallarni dzyudo musobaqasida Azamat Obloqulov (-73 kg) va Hakimjon Mahkamov (-90 kg) keltirdi. Umuman, endi 2023 yil 6 avgustni dzyudo bo‘yicha terma jamoamiz uchun eng omadli kunlardan biri sifatida belgilab qo‘ysak bo‘ladi.

Zero, kecha 2 ta oltin medal bilan birga dzyudochi qizlarimiz – 63 kg vaznli Nigina Saparboyeva va 57 kgda qatnashgan Mohinur Olloberganova kumush medalga sazovor bo‘lishdi. Asalxon Orolboyeva (-57 kg) va Zarina Bobonazarova (+70 kg) jamoa hisobiga bronza qo‘shib qo‘yishdi. Tabiiyki, polvon yigitlarimiz ham bo‘sh kelishmadi. Behro‘zbek Rustamboyev (-81 kg), Abror Nurmanov (-81 kg), Elnur Xolmo‘minov (+90 kg) ham shohsupaning 3-pog‘onasiga ko‘tarilishdi.

Og‘ir atletikachilarimiz Diyorbek Ro‘zmetov va Doston Yoqubovning muvaffaqiyati haqida yozgandik. Kun adog‘ida iste’dodli qizimiz, 59 kg vaznda supachaga chiqqan Nigora Abdullayeva ushbu sport turida yana bir bronza medal bilan murabbiylarini xursand qildi.

Qolgan ikki sovrinli o‘rin yengil atletika maydonchalarida qo‘lga kiritildi: Darya Jilina – 300 metrga yugurish va Dostonbek Abdumutalov – yadro uloqtirish.

O‘zbekiston terma jamoasi medallari jamg‘armasi bugun ham boyitilishiga ishonchimiz komil.

G‘ayrat Xonnazarov, O‘zA

Minsk, Belarus