Belarusda o‘tayotgan MDH o‘yinlarining og‘ir atletika bo‘yicha bahslarining navbatdagi kuni ham atletlarimiz uchun muvaffaqiyatli bo‘ldi.

Musobaqada Diyorbek Ro‘zmetov 67 kg. vazn toifasida kumush medalni qo‘lga kiritidi. U dast ko‘tarishda 130 kg. va siltab ko‘tarishda 155 kg. hamda ikkikurash natijasiga ko‘ra, 285 kg. natija qayd etdi. Shuningdek, Doston Yoqubov 73 kg. vaznda erkaklar bahsida ishtirok etib, dast ko‘tarishda 144 kg., siltab ko‘tarishda esa eng yaxshi natija – 178 kg. vaznni o‘ziga bo‘ysundirib, ikkikurash natijalariga ko‘ra 322 kg. bilan kumush medalga sazovor bo‘ldi.

Yana bir vakilimiz Nigora Abdullayeva ayollar o‘rtasida 59 kg. vazn toifasida o‘tgan bellashuvlarning dast ko‘tarish mashqida 83 kg., siltab ko‘tarishda 101 va ikki kurashga ko‘ra 184 kg. natija bilan shohsupaning uchinchi pog‘onasidan joy oldi.

 

Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA