Hindistonda og‘ir atletika bo‘yicha o‘smirlar va yoshlar o‘rtasida poyoniga yetgan Osiyo chempionatida mamlakatimiz sportchilari muhim yutuqqa erishdi.

O‘zbekiston yoshlar terma jamoasi a’zolari murosasiz bahslar yakuniga ko‘ra, 9 ta oltin, 14 ta kumush, 13 ta bronza medaliga ega chiqqan holda umumjamoada 1-o‘rinni egallagan bo‘lsa, o‘smirlar terma jamoasi vakillari 14 ta oltin, 7 ta kumush, 16 ta bronza medali evaziga o‘z tengqo‘rlari orasida Osiyoning eng kuchli ikkinchi jamoasi nomiga musharraf bo‘ldi.

Umumiy hisobda 73 ta medallar jamg‘armasini qo‘lga kiritib, Dehli sport maydonida Vatan shuhratini ulug‘lagan O‘zbekiston delegatsiyasi bugun erta tongda Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida tantanali kutib olindi.

Kutib olish marosimida ishtirok etgan Yoshlar siyosati va sport vazirligi, O‘zbekiston og‘ir atletika federatsiyasi mutasaddilari, keng jamoatchilik vakillari yosh polvonlarimizning ushbu yutug‘i Akbar Jo‘rayev, Ruslan Nuriddinov singari Olimpiya chempionlarining munosib izdoshlari yetishib kelayotganining yorqin dalili ekanini ta’kidladi.

Marosimda erishilgan muvaffaqiyat ortida hududlarda faoliyat ko‘rsatayotgan murabbiy-mutaxassislarning munosib xizmatlari bo‘lgani, iqtidorli sportchilarni saralash, tanlash ishlari samarali kechayotgani aytilib, aynan ushbu yoshlar yana ikki yildan so‘ng Toshkentda o‘tadigan o‘smirlar o‘rtasidagi Osiyo o‘yinlarida medallar uchun kurash olib borishi e’tirof etildi.

 

T.Ro‘ziyev,  

O‘zA