Kunning ikkinchi yarmida Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdo‘g‘on O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga tashrif buyurdi.
Turkiya rahbari Oliy Majlis Senati a’zolari va Qonunchilik palatasi deputatlari oldida nutq so‘zladi.
O‘zbekiston Respublikasi Turkiya bilan teng huquqli, o‘zaro manfaatlarga asoslangan savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy munosabatlarga tayangan strategik hamkorlikni yanada rivojlantirishga alohida e’tibor qaratmoqda. Ayni paytda aloqalar ijtimoiy-siyosiy yo‘nalishlarda ham yangi bosqichda rivojlanib bormoqda.
Mamlakatimiz parlamentining faoliyati Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan ishlab chiqilgan 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi asosida takomillashib bormoqda. Xalqimizning huquq va erkinliklarini ta’minlash, manfaatlarini himoya qilish borasida e’tiborga molik ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, Oliy Majlis palatalari a’zolari xalq ichiga kirib, odamlarni tashvishlantirayotgan muammolarni joyida o‘rganish va hal etish amaliyotini yo‘lga qo‘ydi.
So‘nggi yillarda Oliy Majlis palatalarining xalqaro parlamentlararo munosabatlari ham tobora rivojlanib bormoqda.
Prezidentimizning o‘tgan yil 25-26 oktyabr kunlari Turkiyaga davlat tashrifi chog‘ida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi bilan Turkiya Respublikasi Buyuk millat majlisi o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risida memorandum imzolangan edi. Shu bilan birga jahonda kuzatilayotgan tezkor o‘zgarishlar va taraqqiyotga hamohang rivojlanishni ta’minlash, parlamentimizning Turkiya parlamenti bilan aloqalarini mustahkamlash maqsadida “O‘zbekiston – Turkiya” parlamentlararo do‘stlik guruhiga asos solindi.