AQSHning Xitoydan mahsulot importi joriy yilning yanvaridan to may oyigacha avvalgi yilning shu davri bilan taqqoslaganda 24 foizga qisqargan. Ikki mamlakat vakillari o‘zaro tushunmovchiliklarni bartaraf qilishga urinishlari ham ahvolni yaxshilashga yordam bermagan, deb yozmoqda Washington Post gazetasi.

“2023 yilning birinchi besh oyida Amerikaning Xitoydan amalga oshirgan importi 24 foizga qisqargan”, – deyiladi AQSH aholini ro‘yxatga olish byurosi tarqatgan ma’lumotga tayanib tayyorlangan maqolada.  

Shunga qaramay, AQSH moliya vazirligi manbalarida aytilishicha, Xitoydan amalga oshirilgan importning umumiy summasi inflyatsiyani qo‘shib hisoblaganda ham “rekord darajada yuqoriligicha qolmoqda”, deyiladi xabarda.

Bu yil AQSHning eng asosiy savdo sherigi Meksika bo‘ldi, deyiladi maqolada. AQSH bilan savdo ayirboshlashda Vetnam va Tailand ham muhim pozitsiyalarga erishgan. Gazetaning yozishicha, ishlab chiqaruvchilar mahsulot yetkazib berishda global tarmoqlar o‘rniga mintaqaviy aloqalarni ko‘proq ma’qul ko‘rishmoqda.

 

 O‘zA