Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Byudjet va iqtisodiy islohotlar qo‘mitasi tomonidan “Mamlakatimizda xususiylashtirish sohasidagi islohotlar” mavzusida davra suhbati o‘tkazildi. Unda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi vakillari, soha mutaxassislari, mahalliy ekspertlar hamda tadbirkorlar ma’ruza, taklif va tavsiyalar bilan ishtirok etdi.

Ta’kidlanganidek, so‘nggi yillarda mamlakatimizda qulay investitsiyaviy muhitni yaratish, xususiy mulk egalarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish yuzasidan tizimli islohotlar amalga oshirilmoqda. Xususan, so‘nggi besh yil ichida xususiylashtirish sohasini isloh qilishga qaratilgan 10 dan ortiq normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilindi. Natijada davlat mulkini ochiq va shaffof tarzda hamda inson omili ishtirok etmaydigan elektron savdo platformalar orqali xususiylashtirish tizimi joriy etildi. Har chorakda tegishli vazirlik va idoralar xodimlarining joyiga chiqqan holda investitsiya majburiyatlarining bajarilishini oraliq monitoring qilish tartibi hamda tegishli hisobotlarni qog‘oz shaklida taqdim etish tartibi bekor qilinib, mas’ul davlat organlari va tashkilotlarning elektron bazasi “Davlat mulki” axborot tizimiga integratsiya qilindi.

Davra suhbati ishtirokchilari qayd etganidek, davlat aktivlarini boshqarishning samarali mexanizmlarini joriy etish, monopoliyaga qarshi kurashishni tartibga solish, kapital bozorining ishonchli ishlash tizimini tubdan takomillashtirishda davlatimiz rahbari tashabbusi bilan Davlat raqobat qo‘mitasi hamda qo‘mita huzuridagi bir qator markazlar negizida Davlat aktivlarini boshqarish agentligi tashkil etilgani muhim ahamiyat kasb etmoqda. Ushbu agentlikka davlat aktivlarini boshqarish, davlat ishtirokidagi iqtisodiy nochor korxonalarni moliyaviy sog‘lomlashtirish hamda raqobatni rivojlantirish va monopoliyaga qarshi kurashishni tartibga solish sohasidagi islohotlarni tizimli amalga oshirish vakolati berilgan.

Biroq vakolatli davlat organi bo‘lmish agentlikning xususiylashtirish sohasidagi vakolatlari qonun doirasida aniq belgilanmagani, qolaversa xususiylashtirishni shaffof mexanizmlar orqali amalga oshirishni nazarda tutuvchi to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qiladigan qonun hujjatining mavjud emasligi ushbu sohadagi asosiy muammolar hisoblanadi.

Shu va boshqa bo‘shliqlarni bartaraf etish maqsadida Davlat aktivlarini boshqarish agentligi tomonidan ilg‘or xorijiy tajriba hamda xalqaro moliya tashkilotlari, professional maslahatchilar hamda xorijiy ekspertlar bilan hamkorlikda “Xususiylashtirish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ishlab chiqildi. Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga muvofiqlashtirilgan qonun loyihasida davlat mulkini xususiylashtirishning yangi 8 ta uslubi kiritilmoqda.

Davra suhbati ishtirokchilari mazkur qonun loyihasining mazmun-mohiyati va uning ahamiyati yuzasidan fikr almashdi.

Xususan, qonun loyihasi bilan tadbirkorlik sub’ektlarga qo‘shimcha qulaylik yaratish maqsadida davlat mulkini sotishda bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyati yaratilayotgani, balansda saqlovchining javobgarligi kuchaytirilib, xatlov komissiyasi instituti bekor qilinayotgani yuqori darajada e’tirof etildi.

Qizg‘in savol-javoblar ruhida o‘tgan tadbir ishtirokchilari davlat aktivlarini zamonaviy uslublar asosida sotish orqali xususiylashtirish, ushbu jarayonlarining ochiq va oshkoraligi ta’minlanishi, barcha xaridorlar uchun teng sharoitlar yaratilishi bo‘yicha erishilgan natijalar hamda yechimini kutayotgan masalalar bo‘yicha taklif hamda tavsiyalarni bildirdi.

Davra suhbati yakunida berilgan taklif hamda fir-mulohazalar qo‘mita a’zolari tomonidan hukumatga taqdim etiladigan bo‘ldi.

O‘zA