Minskda bo‘lib o‘tayotgan II MDH sport o‘yinlarida O‘zbekiston dzyudo terma jamoasi dastlabki kundanoq kutilmagan darajada yuqori natijalar qayd etdi. Ayniqsa, qizlarimizning ishtiroki nafaqat muxlislar, balki mutaxassislarni ham hayratga soldi.
Avvaliga -40 kg vaznda Umida Qo‘ldosheva faqat final uchrashuvini boy berib, kumush medalga sazovor bo‘ldi. Shundan keyin ayni muvaffaqiyatdan ilhomlangan, 44 kg vazn toifasida qayd etilgan ikkala kurashchimiz ham barcha raqiblarini mag‘lub etishdi va toza o‘zbekcha final juftligini hosil qilishdi. Ikki dugonaning ajoyib bahsidan so‘ng shohsupaning eng balandiga Laziza Haydarova, ikkinchi pog‘onasiga esaMaxfira Ro‘ziboyeva ko‘tarildi. Shu tariqa Gomel shahrida Vatanimiz madhiyasi yangrab, birato‘la ikki bayrog‘imiz yonma-yon ko‘tarildi.
Navbatdagi, vazni 48 kggacha bo‘lgan dzyudochi qizlar orasida ham O‘zbekiston terma jamoasi a’zosi tengsiz ekanligi namoyon bo‘ldi. Sabina Azamatovaning sa’y-harakati bilan oltin medallar borasida dzyudo og‘ir atletikaga yetib oldi. Faqatgina keyingi – 52 kg vazn toifasida tatamiga chiqqan vakilamiz Rayhona Mamatovabirinchi kuni bronza bilan kifoyalandi.
Sovrinli o‘rinlar uchun kurashda yigitlarimiz ham qolishmadi. 60 kgda Alijon Aliyev bronza, 66 kg vazn toifasida Inoyat Telmanov kumush medallarni jamoamiz hisobiga yozib qo‘yishdi.
G‘ayrat Xonnazarov, O‘zA
Minsk, Belarus