Bugun Belarus poytaxtidagi zamonaviy “Minsk-Arena” majmuasida II MDH sport o‘yinlari tantanali suratda ochiladi.

Dastlabki musobaqalar esa allaqachon boshlangan: Badiiy gimnastika saroyida ushbu sport turi bo‘yicha saralash bahslari bo‘lib o‘tmoqda. Bugunning o‘zida 4 sport turida g‘olib va sovrindorlar aniqlanmoqda. Gimnastikadan tashqari Grodnoda bo‘lib o‘tayotgan og‘ir atletika, Soligorsk qabul qilgan yunon-rum kurashi va Gomel viloyatida tashkil qilingan dzyudo musobaqalarida muayyan vazn toifalari vakillari uchun o‘yinlar yakunlanadi.

Mutaxassislar ta’kidlashicha, sohil futboli, badiiy gimnastika, og‘ir atletika, sambo va chim ustida xokkey bahslari juda qiziqarli kechishi kutilyapti. Zero, aynan shu sport turlari bo‘yicha barcha delegatsiyalar Belarusga kuchli tarkib bilan kelishgan. Qolgan turlarda esa yosh sportchilar nufuzli xalqaro musobaqa orqali o‘z mahoratlarini oshirib, terma jamoadagi o‘rinlarini mustahkamlab olish imkoniga ega bo‘lishadi.

Tabiiyki, Belarus o‘z uyida eng ko‘p atlet bilan ishtirok etmoqda – 673 sportchi. Bu borada 2-ko‘rsatkich Rossiyaga tegishli – 602. Ahamiyatlisi, vakillarimiz MDH o‘yinlarida sportchilar soni bo‘yicha 3-o‘rinda. Umid qilamizki, O‘zbekiston delegatsiyasi medal jamg‘arish bo‘yicha ham faqat yuqori o‘rinlar uchun kurash olib boradi.

Bu galgi o‘yinlarning o‘ziga xosligi – bahslar mamlakatning turli shaharlarida bo‘lib o‘tadi. Yana bir muhim jihat–mazkur sport anjumani ochiq tarzda o‘tyapti. Ya’ni, Belarusga MDHga to‘laqonli a’zo davlatlardan tashqari Venesuela, Pokiston, Eron, BAA, Kuba, Misr, Mo‘g‘uliston, Malayziya, Vetnam, Livan, O‘mondan ham o‘g‘il-qizlar yetib kelishgan.

Anjumanni mezbon jurnalistlardan 1000 nafari yoritib boryapti. Bundan tashqari voqealarni 10 dan ziyod davlatdan hamkasblarimiz, jumladan O‘zbekistonning 3 ta davlat va nodavlat ommaviy axborot vositasining 6 nafar vakili bevosita kuzatib boradi. Belarus davlat jismoniy tarbiya universiteti hududida joylashgan Markaziy hamda musobaqa o‘tayotgan joylardagi alohida matbuot markazlarida, qisqa qilib aytganda, ilhom bilan ishlash uchun barcha shart-sharoit muhayyo.

O‘yinlarning rasmiy sayti –belarus2023games.by. orqali sport turlari bo‘yicha bahslarni internet-translyatsiya shaklida jonli tomosha qilish imkoni yaratilgan.

G‘ayrat Xonnazarov,

O‘zA

Minsk, Belarus