Joriy yilning 4-6 avgust kunlari Vengriya poytaxti Budapesht shahrida dzyudo bo‘yicha “Masters” turniri bo‘lib o‘tadi. Ushbu musobaqa nufuzi jihatidan jahon chempionatidan keyingi o‘rinda turadi. Bellashuvlarda terma jamoamizning 20 nafar a’zosi sovrinli o‘rinlar va “Parij – 2024” Olimpiadasi yo‘lidagi qimmatli reyting ochkolari uchun kurashadi.
Musobaqada g‘olib chiqqan sportchiga 1800 ochko, ikkinchi o‘rin uchun 1260 va uchinchi o‘rin uchun 900 ochko taqdim etiladi. Qolaversa, “Masters” turnirida qatnashgan har bir sportchiga 200 ochko beriladi. Shu sababli ham O‘zbekiston terma jamoasi ushbu musobaqaga jiddiy tayyorgarlik ko‘rdi.
Shu munosabat bilan O‘zA muxbiri dzyudochilarimizning mazkur turnirga qadar olib borgan mashg‘ulotlari, oldinda turgan rejalar va erishilayotgan yutuqlar borasida O‘zbekiston terma jamoasi menejeri Eldor Qahhorov bilan suhbatlashdi.
– Budapesht shahrida o‘tadigan “Masters” turniriga qanday tayyorgarlik ko‘rildi?
– Mazkur musobaqa oldidan poytaxtimizda tayyorgarlik ko‘rdik. Mashg‘ulotlar ikki va uch mahal turli yo‘nalishda o‘tdi. Asosan har bir sportchimiz jismoniy holatni bir maromda ushlab turuvchi yuklama va jang vaqtida ishlatiladigan texnik-taktik usullarni mashq qildi. “Masters” turkumiga kiruvchi musobaqalar doimo shiddatli kurashlarga boy o‘tgan. Shu sababli har bir yirik musobaqalar oldidan federatsiyamiz tomonidan o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlari o‘tkaziladi.
– Aytingchi, O‘zbekiston dzyudo federatsiyasi tomonidan sizlarga qanday sharoitlar yaratilmoqda?
– Federatsiyamiz tomonidan so‘nggi yillarda sportchi va murabbiylarga ulkan imkoniyatlar yaratilmoqda. Shuningdek, terma jamoaga munosib yoshlarni saralash ishlari yil davomida tizimli tarzda tashkillashtirilmoqda. Terma jamoaga a’zo har bir dzyudochilar uchun sport inventarlari, kiyim va anjomlar, kerakli vitaminlar o‘z vaqtida yetkazilmoqda. Sportchi va murabbiylarning salomatliklari hamda ularni doping muammolaridan asrash borasida samarali ishlar kerakli mutaxassislar tomonidan amalga oshirilmoqda.
– O‘tgan davr mobaynida dzyudo bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi qaysi davlatlarda o‘quv-yig‘in mashg‘ulotlarini o‘tkazdi va Osiyo o‘yinlariga tayyorgarlik qanday o‘tmoqda?
– Terma jamoamiz uchun yil boshida turli o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlari o‘tkazish belgilangan va ushbu reja asosida amalga oshirilmoqda. Hozirga qadar sportchilarimiz Yaponiya, Gollandiya va Gruziya kabi davlatlarda yig‘in o‘tkazdi. Shuni ta’kidlash joizki, har bir xalqaro turnir oldidan yurtimizda ham yig‘inlar bo‘lib o‘tadi va xalqaro turnirga bir necha kun avval yetib borib, so‘nggi mashg‘ulotlar o‘sha yerda yakunlanadi. Mazkur o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlaridan ko‘zlangan asosiy maqsad Osiyo o‘yinlarida munosib ishtirok etish. Ushbu musobaqadan oldin ham so‘nggi tayyorgarlik yig‘ini o‘tkaziladi. Osiyo o‘yinlariga tayyorgarlik har qachongidan ham yuqori tarzda o‘tmoqda.
– Oldinda turgan rejalar haqida to‘xtalib o‘tsangiz.
– Avvalo ertaga boshlanadigan “Masters” musobaqasida munosib ishtirok etib, muhim reyting ochkolarini qo‘lga kiritish asosiy maqsad. Yil oxiriga qadar yirik turnirlar va Osiyo o‘yinlarida reyting ochkolari to‘plab, Parij Olimpiya o‘yinlari uchun maksimal tarzda litsenziya qo‘lga kiritishni reja qilganmiz. Umid qilamizki, sportchilarimiz oldinga qo‘yilgan barcha vazifalarni ortig‘i bilan bajarib, “Parij – 2024” Olimpiadasida yangi tarix yozadilar.
Bugungi kunda sportning Olimpiya turlari bo‘yicha qo‘lga kiritilayotgan yutuqlarda dzyudochilarimizning ham o‘rni beqiyos. Ular erishayotgan ulkan g‘alabalar O‘zbekiston sharafini yanada ulug‘lamoqda.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA