Turkiyaning Istanbul shahrida sport kurashlari bo‘yicha 17 yoshgacha bo‘lgan sportchilar o‘rtasida o‘tayotgan jahon chempionatining yunon-rum kurashi bahslari yakuniga yetdi.

Dunyoning 50 dan ziyod davlatidan mahoratli yosh kurashchilar qatnashgan mazkur bashlarda O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari 1 ta kumush, 2 ta bronza medalini qo‘lga kiritishdi.

48 kilogramm vaznda ishtirok etgan hamyurtimiz Shahzod Ro‘zioxunov saralash bellashuvlarida muvaffaqiyatli qatnashdi. Bircha raqiblarini mag‘lub etdi. Ammo final bahsida eronlik Farzad Axmadiga kichik hisobda imkoniyatni boy berib, kumush medal bilan kifoyalandi.

Yunon-rum kurashi bo‘yicha terma jamoamiz a’zolaridan Aytjon Xalmaxonov 55 kilogrammda 3-o‘rin uchun kechgan kurashda eronlik Muhammadrizo Golamrezani 11:3 hisobida yenggan bo‘lsa, 65 kilogrammda kurash olib borgan Islombek Karimjonov ham raqibini mag‘lub etib, bronza medaliga sazovor bo‘ldi.

Ayni paytda jahon chempionatining ayollar kurashidagi musobaqalari davom etmoqda. Bahslarda yurtimiz kurashchi qizlari 10 ta vaznning 7 tasidagi sovrinli o‘rinlar uchun bellashuvlarda qatnashmoqda. Ortda qolgan musobaqalar sarhisobiga ko‘ra, terma jamoamiz a’zolaridan Asaloy Amangeldiyeva va Nilufar Nurmuhammadova o‘z vaznlarida bronza medali uchun kurashish imkoniyatiga ega bo‘ldi.

Terma jamoamiz a’zolaridan Sohibjamol Esonboyeva, Viktoriya Ivaylova, Durdona Saidova, Muhayyo Rahimjonova va Nigina Rajabovalar 1/8 final bosqichida kurashni davom ettirishmoqda. Ayollar kurashi bo‘yicha jahon chempionatining barcha g‘olib va sovrindorlari ertaga aniqlanadi. Shuningdek, ertaga jahon chempionatida erkin kurashchilar musobaqalarga kirishadi. Jahon chempionati 6 avgustga qadar davom etadi.

 

To‘lqin Ro‘ziyev, O‘zA