Shu kunlarda Angliyaning Manchester shahrida para suzish bo‘yicha o‘tkazilayotgan jahon chempionati bahslari qizg‘in pallaga kirmoqda.

“Parij-2024” Paralimpiya o‘yinlariga yo‘llanmalar taqdim etadigan mazkur musobaqaning erkaklar o‘rtasida S13 klassida 100 metrga erkin usulda suzish bahslarida startga chiqqan hamyurtimiz Islom Aslanov 52.77 soniya vaqt bilan marraga ikkinchi bo‘lib yetib keldi.

O‘z mahoratini namoyish etib, Manchesterda O‘zbekiston bayrog‘ini yuksaltirgan sportchimiz jahon chempionatining kumush medaliga ega bo‘lish bilan birga, “Parij-2024” yozgi Paralimpiya o‘yinlari yo‘llanmasini ham qo‘lga kiritdi.

Bugun, 3 avgust kuni jahon chempionati dasturiga binoan erkaklar o‘rtasida S13 klassida 100 metrga chalqancha usulda suzish bahslari bo‘lib o‘tadi. Unda O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari Kirill Pankov va Muzaffar Tursunxo‘jayev sovrinli o‘rinlarga da’vogarlik qiladi.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 31 iyulida boshlangan musobaqalar 6 avgustga qadar davom etadi.

 

T.Ro‘ziyev,  

O‘zA