Bugun Xitoyda davom etayotgan yozgi Universiada o‘yinlarining yettinchi kungi musobaqalarida mamlakatimiz sportchilari taekvondo, yengil atletika, qilichbozlik, tennis, gimnastika bahslarida o‘z omadlarini sinab ko‘rishadi.

Qilichbozlarimizdan Mirzo Ulug‘bek Mo‘minov, Muhammadyusuf Sidiqov, Zafar Sidiqov, Kamoliddin Axtamov, Komila Mirzayeva, Umida Ilyosovalar yurtimiz sharafini himoya qilsa, yengil atletikachimiz Hushnoza Shavkatova uch hatlab sakrash musobaqalarida qatnashadi.

Gimnastikachimiz Gulnoz Jumabekova yakkalik saralash bellashuvlarida kurash olib borsa, tennischilarimiz Fayzullo Mirzag‘aniyev va Aliya Musabekova aralash juftlik bahsida yaponiyalik Fujivara Tamoya va Liza Mari Rioux bilan, Sergey Fomin/Maksim Shin tandemi chorak finalda Chexiya terma jamoasi vakillari Jan Jermar/ Viktor Sklenka bilan yarim final yo‘llanmasi uchun kurashadi.

Chendu Universiadasining taekvondo WT dasturi bo‘yicha so‘nggi yakkalik bahslarida O‘zbekiston terma jamoasining to‘rt nafar vakili — Behruzbek Isayev, Mavlonbek To‘xtasinboyev, Sitora Ergasheva hamda Svetlana Osipovalar g‘oliblik uchun dayanga chiqadi.

Ertalabki bahslar sarhisobiga ko‘ra, Behruzbek Isayev tailandlik Napat Sritimongkolga imkoniyatni boy bergan bo‘lsa, Sitora Ergasheva dastlab braziliyalik Dafine Ferreyrani mag‘lub etdi. Ammo keyingi bosqichda eronlik sportchiga imkoniyatni boy berib qo‘ydi.

Jahon chempioni Svetlana Osipova Janubiy koreyalik raqibi Yonji Jangni tomoshabinlar safiga kuzatib qo‘ygan bo‘lsa, Mavlonbek To‘xtasinboyev nimchorak final doirasida dayanga ko‘tariladi.

Eslatib o‘tamiz, yurtimiz talaba-sportchilari yozgi Universiada o‘yinlarida hozircha 10 ta medalga ega bo‘lgan holda umumjamoada 119 ta davlat orasida kuchli yigirmatalikda bormoqda.

 

T.Ro‘ziyev,  

O‘zA